Markaziy saylov komissiyasi Oʼzbekiston Prezidenti saylovi boʼyicha saylov kampaniyasi boshlanganini eʼlon qildi
23 iyul kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʼlib oʼtdi. Unda yirik siyosiy jarayon - Oʼzbekiston Prezidenti saylovi kampaniyasi boshlangani maʼlum qilindi.
Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, tadbirda siyosiy partiyalar rahbarlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Unda Markaziy saylov komissiyasi 2021 yilning 24 oktyabr sanasini Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni, deb belgiladi. Saylov kampaniyasi joriy yil 23 iyuldan boshlanishi eʼlon qilindi.
Prezident saylovi shu yil 8 fevralda Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga kiritilgan oʼzgartishga muvofiq, oktyabrь oyida boʼlib oʼtadi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjaev Prezident saylovi yangilangan milliy saylov qonunchiligi, umumeʼtirof etilgan xalqaro meʼyorlarga mos, demokratik tamoyillar asosida, ochiq va oshkora oʼtkazilishini alohida qayd etdi.
Boʼlajak saylov 2017 — 2021 yillarda Oʼzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʼnalishi boʼyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan demokratik gʼoyalarning amaldagi yana bir yorqin ifodasi boʼladi.
2016 yil 4 dekabrdagi Prezident saylovidan buyon oʼtgan besh yil mobaynida xalqimiz, mamlakatimiz hayotida, jamiyatimizda, milliy saylov qonunchiligida ulkan oʼzgarishlar yuz berdi. Nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda ekspertlar keng eʼtirof etishganidek, bu davrda respublika hayotining ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohalarida xalq farovonligini yuksaltirishga yoʼnaltirilgan dadil islohotlar amalga oshirildi.
Ilk bor Oʼzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi asosida oʼtadigan Prezident saylovida konstitutsiyaviy qoidalar va xalqaro saylov standartlariga binoan, Oʼzbekiston Respublikasining Prezidenti, yaʼni davlat rahbari davriylik printsipi asosida saylanishi taʼminlanadi.
Qolaversa, mamlakatimizda siyosiy partiyalar soni yana bittaga koʼpayib, partiyalararo raqobat sezilarli darajada kuchaydi.
Majlisda saylov kampaniyasi davrida barcha siyosiy partiyalar va ular koʼrsatgan nomzodlar uchun sogʼlom raqobat muhiti va teng sharoit yaratilishi alohida taʼkidlandi. Bunda Prezident sayloviga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish bilan bogʼliq ishlarni, jumladan, saylovchilarning ovoz berish jarayonini oʼz nomzodini ilgari surgan siyosiy partiyalar, fuqarolar oʼzini oʼzi boshqarish organlari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar vakillari, jurnalistlar, jumladan, xorijlik jurnalistlar – minglab kuzatuvchilar kuzatib boradi.
Boʼlajak saylovni siyosiy-huquqiy va tashkiliy jihatdan yuksak saviyada oʼtkazish maqsadida, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shu yil 14 aprelda tasdiqlangan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʼrish boʼyicha asosiy tadbirlar dasturiga binoan, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda keng koʼlamli ishlar izchil amalga oshirilmoqda.
Unga koʼra, Prezident saylovining ahamiyati, oʼziga xos jihatlari, Saylov kodeksi, saylov qonunchiligiga kiritilgan oʼzgartish hamda qoʼshimchalarning mazmun-mohiyatini saylovchilarga va saylov tashkilotchilariga yetkazish muhim vazifa sifatida belgilangan. Аytish joizki, saylov kampaniyasi eʼlon qilingunga qadar boʼlgan davrda amalga oshirilgan bunday tadbirlar millionlab fuqarolarni qamrab oldi.
Majlisda saylov qonunchiligida belgilangan normalarning ijrosini oʼz muddatida va samarali taʼminlash maqsadida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʼtkazish boʼyicha kalendarь rejasi tasdiqlandi.
Kalendarь rejada Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tegishli davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda qadam-baqadam va kun-bakun amalga oshiriladigan vazifalar belgilangan. Okrug hamda uchastka saylov komissiyalarini tuzish, kuzatuvchilarning saylovdagi ishtirokini taʼminlash, saylovchilarning yagona elektron roʼyxati, siyosiy partiyalarning, Prezidentlikka nomzodlar va ularning ishonchli vakillarining saylovdagi ishtiroki, saylov kampaniyasini moliyalashtirish, saylovoldi tashviqoti, saylov jarayonini yoritish, ovoz berishni oʼtkazish bilan bogʼliq ishlar ana shular jumlasidandir.
Markaziy saylov komissiyasi hamda barcha darajadagi saylov komissiyalari Prezident sayloviga tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish davrida oʼz ishini qonuniylik, mustaqillik, xolislik, ochiqlik, oshkoralik hamda shaffoflik tamoyillariga toʼla amal qilgan holda tashkil etadi.
Majlisda shu maqsadda Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazi va uning hududiy boʼlinmalarini tashkil etish toʼgʼrisida qaror qabul qilindi hamda mazkur Markazning nizomi tasdiqlandi. Matbuot markazida tajribali jurnalistlar, huquqshunoslar, tarjimonlar, ekspertlar va boshqa mutaxassislardan iborat ixtisoslashtirilgan yettita guruh faoliyat olib boradi.
Markaziy saylov komissiyasining Toshkent shahri, Navoiy koʼchasi, 1-uyda (Maʼrifat markazi, Simpoziumlar saroyi binosida) ish boshlayotgan Matbuot markazi hamda uning hududiy boʼlinmalari zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlanadi. Ularda jurnalistlarga va jamoatchilikka saylovga oid masalalar boʼyicha tezkor axborot yetkazish maqsadida brifinglar, matbuot anjumanlari, uchrashuvlar hamda boshqa tadbirlar tashkil qilinadi.
Matbuot markazi Markaziy saylov komissiyasining «Saylov 2021» veb-portali hamda boshqa axborot resurslarining yuritilishini taʼminlaydi.