VATAN KELAJAGI BO‘LGAN YOSHLARNING SAYLOVLARDA ISHTIROKI MUHIM
Jumladan, bugun MSK doimiy a’zosi Gulnoza Rahimova va BMT Taraqqiyot dasturining bosh texnik maslahatchisi Georgiy Baratashvilining G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti talabalari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning asosiy maqsadi - yoshlarga saylov qonunchiligini tushuntirish, ularning saylov jarayonlaridan xabardorligini oshirish.
Uchrashuvda mamlakat yoshlarining saylovda ongli ishtiroki masalasiga alohida e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi. Bunday tadbirlarni o‘tkazish orqali O‘zbekiston yosh saylovchilarining saylov jarayoni asoslari haqidagi bilim darajasi, ularning siyosiy jarayonlardagi faolligi va daxldorligi, saylash va saylanish huquqlariga nisbatan mas’uliyatli munosabatini shakllantirilishi ta’minlanadi.
“Yoshlarning saylovda ishtirok etishi muhim, chunki mamlakat kelajagi ularga bog‘liq. Siz, yosh saylovchilar sifatida, saylov qonunchiligini yaxshi bilishingiz, faol saylov huquqingizdan - O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining saylovda ovoz berish huquqidan foydalanishingiz lozim”, - deya ta’kidladi G. Rahimova.
Yig‘ilish ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, G.Baratashvili shunday dedi: «Ko‘pchiligingiz saylovda birinchi marta ishtirok etasiz. Saylovchilarning saylov haqidagi xabardorligini oshiradigan bunday uchrashuvning ahamiyatini alohida ta’kidlashni istardim. Siz bugun olgan ma’lumotlaringizni oila a’zolaringiz bilan baham ko‘rishingiz mumkin, shunda ular joriy yilning dekabridan oktyabriga ko‘chirilgan saylov kuni haqida xabardor bo‘lishadi. Shunday qilib, siz ularning saylovchi sifatida ovoz berishda faol ishtirok etishiga o‘z hissangizni qo‘shasiz”.
G.Rahimova o‘z nutqida talabalarga hozirgi saylov kampaniyasi va oldingi saylovlar bir-biridan tubdan farq qilishi haqida gapirib berdi, ularni 2021 yildagi saylov kampaniyasining asosiy bosqichlari, saylov jarayoni sub’yektlarining huquqiy maqomi, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va boshqalar bilan tanishtirdi.
Uchrashuvda, shuningdek, bo‘lajak saylovlarda kuzatuvchilarning ishtiroki masalasi muhokama qilindi.
Xususan, mahalliy va xalqaro kuzatuvchilarning roli nafaqat saylov jarayoniga texnik baho berish nuqtai nazaridan, balki shaffoflikni va saylovga bo‘lgan ishonchni oshirish uchun muhim ekanligi qayd etildi.
“Xalqaro kuzatuvlar sonining ortib borishi xalqaro kuzatuvchilar missiyalari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik tufayli mahalliy, partiyasiz kuzatuvlarning rivojlanishiga katta hissa qo‘shdi. Monitoring hisobotlari va tavsiyalar to‘plamining e’lon qilinishi saylov jarayonining har tomonlama baholanishini ta’minlaydi va hukumatlarga saylov qonunchiligini yanada takomillashtirish yo‘llarini aniqlashga yordam beradi ”, - deb qayd etdi G.Baratashvili.
Uchrashuv yakunida saylov jarayonining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.