XALQARO KUZATUVCHILAR QORAQALPOG‘ISTONDAGI SAYLOV OKRUGI FAOLIYATI BILAN TANISHDI
Xalqaro kuzatuvchilarning bir guruhi Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurib, 1-Qoraqalpog‘iston okrug saylov komissiyasi faoliyati bilan tanishdi.
Xalqaro kuzatuvchilar Okrug saylov komissiyasi raisi U.Jalmenov bilan uchrashdi. Kuzatuvchilarga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi.
-Yurtingizdagi siyosiy jarayonlarni kuzatish uchun tashrif buyurdik, deydi Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining uzoq muddatli kuzatuvchisi Yakub Xerold. –Biz, O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab kuzatishga kelgan 14 jamoaning birimiz. Mana hozir 1-Qoraqalpog‘iston okrug saylov komissiyasi raisi bilan uchrashib, ushbu hududda saylovlarga tayyorgarlik ishlari haqida ma’lumot oldik. Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotidan 250 nafarga yaqin qisqa muddatli kuzatuvchilar tashrif buyurib, saylov kuni siyosiy jarayonlarni kuzatishi kutilmoqda.
Saylovlarga tayyorgarlik jarayonlarini kuzatish uchun Qoraqalpog‘istonning barcha hududlarida bo‘lishni rejalashtirayapmiz. Hozir saylov uchastkalari joylashgan manzillar haqida ma’lumotlar oldik. Imkon qadar olis hududlardagi saylov uchastkalariga ham borib siyosiy jarayonlarni kuzatishga harakat qilamiz. Ikki kundan buyon Nukus shahridamiz, shahar juda chiroyli va ko‘chalari keng ekan. Endi saylov uchastkalari bilan tanishamiz.
Uchrashuvda kuzatuvchilar saylov uchastkalari manzili va chegaralari va komissiya a’zolari haqidagi ma’lumotlar bilan qiziqdi. Bu haqdagi ma’lumotlar saylov qonunchiligiga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikakasining markaziy va mahalliy nashrlarida chop qilinganligi ma’lum qilindi va gazetalar bilan tanishtirildi. Shuningdek, kuzatuvchilar uchastka saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlarni tanlash tartibi va shu kabi o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.