Janubiy Koreyadagi vatandoshlarning O‘zbekiston Prezidenti sayloviga oid konstitutsiyaviy huquqi ro‘yobga chiqadi
O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi xodimlari Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi vakillari bilan hamkorlikda Pyontek va Anson shaharlariga amaliy safari doirasida ushbu hududda vaqtincha istiqomat qilayotgan faol vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbir joriy yil 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik jarayoni va unda Janubiy Koreyadagi fuqarolarimizning ishtiroki uchun yaratiladigan sharoitlarga bag‘ishlandi.
Muloqot chog‘ida saylovda muddatidan oldin ovoz berish tartibining tashkiliy jihatlari, shuningdek, Pyontek va Anson shaharlari hududida istiqomat qiluvchi vatandoshlarning ushbu muhim siyosiy tadbirdagi ishtiroki bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Pyontek shahridagi «Osiyo» restorani rahbari Dilshod Rahimov va Anson shahridagi «Samarkand Registan» restorani ish yurituvchisi Alisher Ahmatov ushbu hududlarda vaqtincha istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz o‘rtasida saylov targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishda faol ishtirok etish istagini bildirdi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda vatandoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi.