O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi «Oltin daftar»iga kiritilgan vatandoshimiz Andijonda ko‘p tarmoqli davolash va diagnostika tibbiy markazini barpo etdi
Janubiy Koreyada tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan va O‘zbekiston elchixonasining «Oltin daftari»iga kiritilgan yana bir vatandoshimiz oilaviy mablag‘lari hisobidan Andijon viloyatida ko‘p tarmoqli davolash va diagnostika tibbiy markazini ishga tushirdi.
O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, «Oltin daftar»ga kiritilgan vatandoshimiz Ahliddin Teshaboyev va uning oila a’zolari Andijon viloyati, Paxtaobod tumani, «Yuqori» mahalla fqarolar yig‘ini hududida 80 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy stansionar va ambulator davolash hamda diagnostika markazini qurib bitkazdi.
Ushbu markaz Koreya Respublikasidan keltirilgan zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Tibbiy markazga Janubiy koreyalik ikki nafar malakali shifokor ishga jalb etildi. Bundan tashqari, shifoxonada 20 nafar mahalliy mutaxassisning doimiy bandligi ta’minlangan. Janubiy koreyalik vrachlar ishtirokida Paxtaobod tumandagi soha mutaxassislari uchun o‘quv-seminarlari tashkil etish amaliyoti ham nazarda tutilgan.
Tibbiy markazda 25 nafar mahalliy fuqaro ish bilan ta’minlanadi va kelajakda markazning umidli yosh tibbiy xodimlarini Koreya Respublikasida malaka oshirishi uchun imkoniyat yaratiladi.
Vatandoshimiz Ahliddin Teshaboyevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu markazni qurib ishga tushirishdan asosiy maqsad qishloq aholisiga qulaylik yaratish, yuqori darajadagi tibbiy xizmatni yo‘lga qo‘yish va, eng asosiysi, mahalladoshlariga oz bo‘lsa-da yordami tegishidan iborat.
Ko‘p tarmoqli davolash va diagnostika tibbiy markazining rasmiy ochilish marosimini joriy yil oktabr oyida o‘tkazish rejalashtirilgan. Tantanali tadbirda Janubiy koreyalik hamkorning ishtirok etishi kutilmoqda.