Janubiy Koreyadagi vatandoshlar saylovda faol qatnashishiga tayyorligi bildirmoqda
O‘zbekiston elchixonasi tomonidan joriy yil 24 oktyabr kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Prezidenti saylovi va uni Koreya Respublikasi hududida tashkil etish bo‘yicha Chinchon shahridagi vatandoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti saylovi kampaniyasi, davlat rahbarligiga nomzodlar va ularning saylovoldi dasturlari, milliy qonunchilikdagi o‘zgarishlar, mamlakatimizning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida yuz berayotgan islohotlar, xususan, chet eldagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, millatlararo munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan so‘nggi hujjatlar mazmun-mohiyati to‘g‘risidagi maʼlumot berildi.
Ishtirokchilarga O‘zbekiston milliy saylov qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartishlar, saylovning yangi meʼyor va tartib-qoidalar asosida tashkil etilayotgani taʼkidlandi.
Joriy yilda mamlakatimizda o‘tkaziladigan muhim siyosiy tadbirga tayyorgarlik jarayoni va unda Janubiy Koreyadagi fuqarolarimizning ishtiroki uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida ham so‘z yuritildi.
Uchrashuvda tadbirkor vatandoshimiz Shuhratillo Ro‘ziyev ko‘p yillardan buyon Chinchon shahrida «Halal Food» restoranlari tarmog‘iga asos solib, O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlari va milliy o‘zbek taomlarini xorijiy fuqarolar o‘rtasida namoyish qilayotganini taʼkidladi. U muddatdan oldin ovoz berish nuqtalarini tashkil etishda yaqindan yordam berish bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etdi.