Janubiy Koreyadagi yosh vatandoshlar O‘zbekiston Prezidenti saylovida qatnashishga katta qiziqish bildirmoqda
Mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi tomonidan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Kvanju shahridagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Kyonsan va Tegu shaharlaridagi oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan vatandoshlarimiz bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston qonunchiligida, siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida yuz berayotgan islohotlar va o‘zgarishlar, xususan, davlatimiz rahbarining chet eldagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, millatlararo munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan so‘nggi farmon va qarorlari, jumladan, joriy yil 11 avgustdagi «Vatandoshlar» jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida» gi qarori mazmun-mohiyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar berildi.
Ishtirokchilarga O‘zbekiston saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar, saylovlarning yangi me’yor va tartib-qoidalar asosida tashkil etilishi haqida ma’lumotlar berildi.
Joriy yilda mamlakatimizda o‘tkaziladigan muhim siyosiy tadbirlarga tayyorgarlik jarayoni va unda Janubiy Koreyadagi fuqarolarimizning ishtiroki uchun yaratiladigan sharoitlar haqida ham so‘z yuritildi.
Yurtdoshlarimiz bo‘lajak tadbirning juda muhimligini e’tirof etib, ushbu siyosiy tadbirda faol ishtirok etishlarini bildirdi.
Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilari yangi tashkil etilgan Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi faoliyati, uyushma a’zoligiga kirish tartibi va fuqarolar uchun imtiyozlar to‘g‘risida ma’lumotlar bilan tanishtirildi.
Tadbir so‘nggida vatandoshlarimizni qiziqtirgan barcha savollariga atroflicha javob berildi.