Seulda O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi
Mamlakatimizning Seul shahridagi elchixonasi tomonidan Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi hamda O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganligining 29 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.
Unda Koreya Respublikasi hukumati, vazirliklari, firma va kompaniyalari, diplomatik korpus vakillari, ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan, mehnat faoliyatini olib borayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlarimiz ishtirok etdi.
O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi Vitaliy Fen tadbir ishtirokchilarini mazkur sana munosabati bilan qutlar ekan, bugungi pandemiya sharoitiga qaramasdan ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini taʼkidladi.
Xususan, joriy yilning yanvar oyida ikki davlat Prezidentlari o‘rtasida birinchi onlayn-sammit o‘tkazilgani, davlat rahbarlari tomonidan o‘zaro savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni yana-da mustahkamlashga qaratilgan muhim qarorlarni qabul qilingani, sammit yakunlari bo‘yicha “to‘rtinchi sanoat inqilobi” texnologiyalarini ilgari surish maqsadida “raqamlashtirish” sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolangani alohida qayd etdi.
Tadbirda asosiy mehmon sifatida ishtirok etgan Koreya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Shimoliy iqtisodiy hamkorlik qo‘mitasi raisi Park Chong Su tadbir ishtirokchilarini O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning ikkinchi muddatga qayta saylangani bilan tabrikladi.
- Men O‘zbekistonga ko‘p marotaba borganman, - dedi Park Chong Su. - Nafaqat Toshkent, balki Samarqand va Buxoro kabi mashhur sayyohlik maskanlarida bo‘lganimda, mamlakat tez surʼatlarda rivojlanayotganiga guvoh bo‘lganman.
Tantanali tadbir ishtirokchilari, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonning mutlaqo yangi qiyofasini yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik, ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar bilan atroflicha tanishtirildi. Bu islohotlarning eng muhim natijalari inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, xalqimizning huquqiy madaniyati va fuqarolik masʼuliyatini oshirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash, aholi farovonligini yuksaltirishdan iborat ekanligi alohida qayd etildi.
O‘zbekiston yetakchisi olib borayotgan, o‘zining ochiqligi va jadalligi bilan ajralib turuvchi izchil, aniq va konstruktiv siyosat natijasida Markaziy Osiyo mintaqasida butunlay yangi ishonch va o‘zaro anglash muhiti shakllangani, shuningdek, dunyoning qator davlatlari, xususan Janubiy Koreya bilan aloqalar sifat jihatdan yuqori darajaga ko‘tarilgani taʼkidlandi.
Mamlakatning iqtisodiy ochiqligi hamda investitsiyalar va biznes uchun jozibadorligi, barcha muammoli masalalarni yakdillik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik asosida hal etishga intilish, dunyoning yetakchi davlatlari va boshqa mamlakatlari bilan muvozanatli va o‘zaro manfaatli aloqalar yuritish, siyosiy ishonch va xalqaro huquqqa rioya etilishi asosidagi o‘zaro hamkorlikka intilishga asosanlang tashqi siyosatimiz xalqaro ekspertlar tomonidan ham eʼtirof etildi.
- O‘zbekiston xalqini mamlakat hayotidagi eng muhim sanalardan biri - davlat mustaqilligining 30 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman, - dedi «Hanshin Engineering & Construction» korporatsiya prezidenti Choy Mun Kyu. - Janubiy Koreya dunyo mamlakatlari orasida birinchilar qatorida O‘zbekiston mustaqilligini rasman tan olgan va diplomatik aloqalarni o‘rnatgan.
Xalqlarimizni birlashtirib turgan tarixiy va madaniy qadriyatlar, do‘stlik va qardoshlik rishtalari o‘zaro aloqalarning rivojida mustahkam tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yaqinda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi natijasida Shavkat Mirziyoyevning qayta saylanganini eshitib juda quvondik. Sababi, so‘nggi besh yil ichida ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar alohida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. O‘zbekistonda barcha sohalarda, xususan isqtisodiy islohotlarning amalga oshirilishi va xorijlik investorlar uchun qulay muhitning yaratilgani biz kabi biznes vakillarini, albatta, o‘ziga jalb qilmay qolmaydi. Istibolda O‘zbekistonlik sheriklar bilan yirik iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.
- Xanguk chet tillar universiteti nomidan O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklab, o‘zimning eng ezgu niyatlarini izhor etaman, - dedi mazkur oliy bilim yurtining Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti professori, falsafa fanlari doktori Kim Sang Chol. - O‘zbekiston o‘tgan yillar davomida suveren davlat barpo etish va mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha yuqori natijalarni qo‘lga kiritdi. So‘nggi yillarda esa Prezident Shavkat Mirziyoyevning qatʼiy siyosiy irodasi va shijoati bilan mamlakat jahon hamjamiyatida o‘z o‘rni va salohiyatiga ega bo‘lgan davlatga aylandi. Albatta bu kabi muvaffaqiyatlar zamirida yangilanayotgan O‘zbekistonda olib borilgan oqilona ichki va tashqi siyosat va xalqingizning munosib mehnati turadi.
Mamlakatlarimiz rahbarlarining o‘zaro yaqin do‘stona munosabatlari tufayli O‘zbekiston Janubiy Koreyaning Markaziy Osiyodagi eng yirik hamkoriga aylandi. Ayniqsa, so‘nggi besh yil davomida amalga oshirilgan oliy darajadagi uchrashuvlar yakunlari, yangi yo‘nalishlardagi hamkorlik natijalari hamda xalqaro tashkilotlar doirasidagi aloqalar sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi. Ishonchim komilki, o‘zaro hamkorlik, ishonch va say-harakatlarimiz bilan O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar ikki xalq manfaatlari yo‘lida izchil rivojlanishda davom etaveradi.
- Koreya Respublikasi O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib, yaʼni 1991 yilning oxirlarida tan olgan, diplomatik aloqalarimiz 1992 yil 29 yanvarda o‘rnatilgan, - deydi Suwan TPL transport-logistika kompaniyasi Prezidenti Choy Sung Xo. - O‘tgan davr mobaynida ikki davlat rahbarlari o‘rtasida oliy darajadagi 17 ta uchrashuv o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvlarning har birida tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish yuzasidan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan kelishuvlarga erishganlar.
Diplomatik aloqalar o‘rnatilganidan buyon Koreya Respublikasi barcha yo‘nalishlarda, xususan, amalga oshirilayotgan iqtisodiy-ijtimoiy o‘zgarishlarda, xalqaro masalalalarda O‘zbekistonning sinalgan, ishonchli strategik hamkoriga aylandi. O‘z navbatida, O‘zbekiston bilan siyosiy, iqtisodiy jabhalarda keng aloqalarni yo‘lga qo‘yish Janubiy Koreya manfaatlariga to‘la mos keladi.
Fursatdan foydalanib men O‘zbekiston xalqini mamlakat mustaqilligining 30 yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman. Do‘st O‘zbekiston xalqiga sog‘liq, farovonlik va barqaror rivojlanishni tilab qolaman.
Tadbirda Janubiy Koreyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz ishtirokida mumtoz musiqa va zamonaviy estrada sanʼatining sara namunalarini o‘z ichiga olgan konsert dasturi namoyish etildi.