Ispaniya va Portugaliyadagi faol vatandoshlar ishtirokida konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
Onlayn-tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda davom etayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning maqsadi va taklif etilayotgan o‘zgartish hamda qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati haqida batafsil maʼlumot berildi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil 20 iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ilgari surilgan inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmatini ulug‘lash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, Bosh qomusimizda «O‘zbekiston - ijtimoiy davlat» g‘oyasini mustahkamlash, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, demokratik huquqiy davlat qurish bo‘yicha takliflarga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv ishtirokchilari davlatimiz rahbari tomonidan «Miranda qoidasi»ni qo‘llash va «Xabeas korpus» institutini rivojlantirish hamda xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashga oid yangi normalarni Asosiy qonunda mustahkamlash tashabbuslarini qo‘llab quvvatlashini bildirdi.
Vatandoshlarimiz, shuningdek, konstitutsiyaviy islohot jarayonida faol qatnashishini taʼkidladi.