BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotida O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan brifing tashkil etildi
Tadbirda konstitutsiyaviy islohotlarga oid taqdimot, qishloq xo‘jaligi sohasida erishilayotgan yutuqlar, Orol dengizi fojiasi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga oid videolavhalar namoyish etildi.
Diplomatik vakolatxona rahbari Otabek Akbarov O‘zbekistonda Konstitutsiyaga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar mazmun-moiyati va ahamiyati to‘g‘risida batafsil so‘zlab berdi.
Taʼkidlandiki, 1992-yilda qabul qilingan amaldagi Konstitutsiya mamlakat erishgan barcha yutuqlarining mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda. Bosh qonunga tuzatish va o‘zgartirish kiritish imkoniyati tarixiy rivojlanishning turli bosqichlarida barcha mamlakatlar konstitutsiyalari uchun xos bo‘lgan xususiyat hisoblanadi.
2021-yil O‘zbekiston Prezidenti saylovi jarayonida elektorat vakillari tomonidan konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazish bo‘yicha ilgari surilgan takliflar hayotiy zaruriyat va mamlakatimizdagi demokratik islohotlarning mantiqiy davomiga asoslangan.
Xususan, taklif etilayotgan o‘zgartishlarning asosiy qismi aynan inson huquq va erkinliklariga, aholi uchun yaratiladigan shart-sharoitlar va imkoniyatlar “Inson qadri uchun” tamoyiliga har tomonlama xizmat qilishi zarurligiga qaratilgani alohida qayd etildi.
Xususiy mulkni himoya qilishning konstitutsiyaviy asoslarini yana-da mustahkamlash, inson qadr-qimmati va millatlararo totuvlikni taʼminlash, oila institutining rolini oshirish, yoshlarga oid davlat siyosati va innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish, ijtimoiy-siyosiy munosabatlarni kengaytirish va yana-da rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar ilgari surilgani taʼkidlandi.
Hujjat loyihasini tayyorlashda 100 dan ortiq mamlakat, jumladan, AQSH, Germaniya, Fransiya, Italiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Armaniston, Gruziya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va boshqa davlatlar konstitutsiyalari tajribasi inobatga olingan.
Umumxalq muhokamasida fuqarolar faol ishtirok etayotgani, aholidan 62 mingdan ziyod taklif-mulohaza kelib tushgani ushbu islohotning naqadar dolzarb va zarurligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, vakolatxona rahbari konstitutsiyaviy islohotlarda boshqa ustuvor yo‘nalishlar qatori barqaror rivojlanish, ekologik muammolarni hal etish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligida yer munosabatlari, yoshlar va ularga munosib ish o‘rinlarini yaratish kabi masalalar ham qamrab olinganini aytib o‘tdi.
Bu borada so‘nggi 6 yil davomida O‘zbekistonda ushbu sohalarda amalga oshirilgan tub islohotlar ishtirokchilarga so‘zlab berildi.
Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yi mintaqasida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasini yaratish to‘g‘risidagi rezolyutsiyasi qabul qilindi hamda BMT Orol bo‘yicha inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik trast fondi doirasida amaliy ishlar boshlandi.
Orol dengizining qurigan tubida 1 million 730 ming gektardan ortiq maydonga saksovul va boshqa sho‘rga chidamli o‘simliklar ekilgani, shuningdek, kelgusi 5 yilda ularning maydonini 2 million 200 mingga gektarga yetkazish maqsad qilingani ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
2020-2030 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish natijasida erishilgan yutuqlar ishtirokchilar eʼtiboriga yetkazildi.
Jumladan, qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, paxta va g‘allaga davlat buyurtmalarini bekor qilish, suv tejovchi texnologiyalarining keng joriy etilishi, investitsiya va eksport hajmlarining oshganligi taʼkidlandi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi tufayli qishloq xo‘jaligida majburiy mehnatga, jumladan, bolalar mehnatiga barham berilgani alohida urg‘ulandi. Joriy yil 10-mart kuni “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan O‘zbekistonga nisbatan paxta boykoti bekor qilingani buning yaqqol dalilidir.
Ishtirokchilar eʼtibori jamiyatning har bir jabhasida yoshlarga oid siyosat eng ustuvor yo‘nalish ekaniga qaratildi. Jumladan, qishloq xo‘jaligida joriy yil dehqonchilik bilan shug‘ullanishga qaror qilgan 560 ming nafar yoshlarga 155 ming gektar yer maydoni ajratilgani taʼkidlandi.
Yoshlarning uzluksiz taʼlim olishi, uy-joy bilan taʼminlanishi, ularning faoliyatini moliyalashtirish, yer maydonlari ajratish, subsidiya va soliq imtiyozlari taqdim qilish bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratish kelgusidagi islohotlarning ajralmas qismi bo‘lishi aytib o‘tildi.
Tadbirda FAO bosh direktori o‘rinbosari Bet Bekdol O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning ijobiy natijalarini taʼkidlab, istiqbolda Konstitutsiyaga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar mamlakat taraqqiyoti uchun muhim qadam bo‘lishiga ishonch bildirdi.