Ispaniyadan munosabat: O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar mamlakatda fuqarolar manfaati barcha narsadan ustun ekanini ko‘rsatadi
Brifingda O‘zbekiston Asosiy qonunini isloh qilish jarayoni haqida batafsil maʼlumot berildi.
Elchi konstitutsiyaviy islohotlardan ko‘zlangan maqsad, Bosh qomusning mamlakatimizni ijtimoiy davlat sifatida yana-da rivojlantirish, ochiqlik, oshkoralikni taʼminlash, inson huquqlarining fundamental asoslarini ilgari surishdagi ahamiyati haqida so‘zlab berdi.
FESEI direktori Migel Alvares de Eulate Ispaniya O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlarni yuksak qadrlashi hamda davlat rahbarining respublika tinchligi va izchil rivojlanishini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Shu nuqtai nazardan, u yangilangan Konstitutsiya O‘zbekistonni uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasi, mamlakat fuqarolarining farovon hayotining mustahkam huquqiy asosi va ishonchli kafolatini yaratishiga ishonch bildirdi.
Ekspert taʼkidlaganidek, O‘zbekiston bugun keng ko‘lamli islohotlar va taraqqiyot timsoli bo‘lib qolmoqda. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning mamlakat Asosiy qonunini isloh qilish tashabbusi, shubhasiz, fuqarolik jamiyatini yana-da rivojlantirish, uning taraqqiyoti uchun zarur shart-sharoit yaratishga qaratilgan. «Bu O‘zbekistonda fuqarolar manfaatlari barcha narsadan ustun ekanidan dalolat beradi», dedi ekspert.
O‘z navbatida, FESEI xalqaro hamkorlik departamenti rahbari Xose Balester so‘nggi olti yil davomida O‘zbekistonda ichki siyosatda tub yangilanishlar jarayoni ro‘y berayotganiga eʼtibor qaratib, jamiyatni demokratlashtirish, o‘tmish qoldiqlarini yo‘q qilishga qaratilgan bu o‘zgarishlar jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilmoqda va bu katta yutuqdir, deb taʼkidladi. Amalga oshirilayotgan islohotlar O‘zbekiston xalqi tomonidan ijobiy qabul qilinmoqda, aholining barcha qatlamlari ularni qo‘llab-quvvatlamoqda.
«O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida inson huquq va erkinliklarini ishonchli taʼminlash, barcha qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlik munosabatlarini chuqurlashtirish yo‘lida dadil bormoqda, deb hisoblayman», dedi ekspert.