Fransiyadan munosabat: Konstitutsiyaviy islohotlar respublikada ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlarning huquqiy asosiga aylanadi
Tadbirda Yevroparlament, ilmiy va akademik hamjamiyat, tahlil markazlari, Fransiya vazirliklari va idoralari vakillari, shuningdek, OAV xodimlari ishtirok etdi.
Elchi Sardor Rustamboyev fuqarolarning huquq va erkinliklarini mustahkamlash, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyatiga batafsil to‘xtalib o‘tdi. Qayd etilishicha, qo‘shimchalar mamlakat parlamentining roli, davlat organlari, shuningdek, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari – mahallaning masʼuliyatini oshirish va kuchaytirish masalalariga ham tegishli.
Tadbir davomida ishtirokchilarga O‘zbekiston Prezidentining yana bir muhim tashabbusi – mamlakatimiz 40ta davlat bilan hamkorlikda ishlab chiqqan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga oid maxsus rezolyutsiyaning BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangani haqida ham batafsil maʼlumot berildi.
Fransiyadan Yevroparlament deputati, Yevroparlamentning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mo‘g‘uliston bilan aloqalar bo‘yicha Xalqaro ishlar qo‘mitasi va delegatsiyasi aʼzosi Tyerri Mariani O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarning nechog‘li muhimligini taʼkidladi.
«O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishini muntazam kuzataman, mamlakatingizga bir necha bor bo‘lganman, - dedi u. - So‘nggi 5 yil davomida hayotga tadbiq etilgan demokratik islohotlar yuksak eʼtirofga loyiq».
Yevrodeputat, shuningdek, jamiyatni demokratlashtirish yo‘lidagi asosiy vazifa islohotlarni yana-da rag‘batlantirish, mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlantirish uchun Konstitutsiyani takomillashtirish muhim ekanligini taʼkidladi.
Fransiya xalqaro munosabatlar instituti (IFRI) vakili Mikayel Leviston konstitutsiyaviy islohotlar O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan tub islohotlarning mantiqiy davomi ekanini taʼkidladi. Bu demokratik islohotlar respublikaning Yevropa davlatlari bilan munosabatlariga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.
«O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lishga intilmoqda, - dedi IFRI vakili. - Bu mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar eksport salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilayotgani va O‘zbekiston o‘z mahsulotlarining xalqaro bozorlarga kengroq chiqishidan manfaatdor ekanligi bilan bog‘liq, bu esa JSTga aʼzo bo‘lish imkonini beradi».
Milliy ilmiy-tadqiqot markazi eksperti (CNRS) Karim Ifrak yangilangan Konstitutsiya O‘zbekistonda mamlakatni uzoq muddatli rivojlantirish uchun huquqiy asos yaratishi, shuningdek, davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Universitetlararo qo‘mita bosh kotibi Denis Rishar, o‘z navbatida, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlarida siyosiy, xususan, konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish tendensiyasi kuzatilayotganini aytib o‘tdi.
«O‘z navbatida, O‘zbekiston ham institutsional islohotlarning muhim bosqichiga qadam qo‘ymoqda, – dedi Denis Rishar. - Konstitutsiyaviy islohot mamlakatni rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasining ishonchli asosi, respublikada amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarning huquqiy poydevoriga aylanadi ».