Rossiyadan munosabat: Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish loyihasi O‘zbekistonning 1992 yilgi Konstitutsiyasini sezilarli darajada modernizatsiya qiladi
– Qonun loyihasi 1992 yilgi Konstitutsiyani sezilarli darajada modernizatsiya qiladi, – deydi olimlar. – Muqaddimada mamlakatning madaniy merosi, jahon va islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi haqida jumlalar mavjud. 13-moddada shaxsga bevosita ta’sir ko‘rsatish choralarining eng minimal darajasi haqidagi yangi qoidalar, shuningdek, qonun hujjatlaridagi bartaraf etib bo‘lmaydigan noaniqliklarning shaxs foydasiga talqin qilinishi to‘g‘risidagi yondashuv muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bunday insonparvarlik qoidalarini rivojlangan demokratik davlatlar Konstitutsiyalaridan ham topish juda mushkul. 15-moddaga esa Konstitutsiyaning jamiyat hayotiga bevosita ta’siri to‘g‘risidagi yangi normalar kiritilgan.
Inson va fuqaroning asosiy huquqlari va erkinliklari Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga, Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro paktlarga hamda Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa Konvensiyasiga muvofiq ravishda taqdim etilmoqda.
Yashash huquqi to‘g‘risidagi 24-moddaga O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanganligi to‘g‘risidagi normaning qo‘shilishi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Jinoyat ta’qibining istalgan bosqichida fuqarolarning protsessual huquqlari sezilarli darajada kengaytirildi. Raqamli texnologiyalarning tarqalishiga oid o‘zgarishlar shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, Internet global axborot tizimiga kirish bo‘yicha yangi qo‘shimchalarni o‘z ichiga oladi.
Konstitutsiyaning yangi loyihasida iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarning mazmuni ham yanada aniqlashirilgan. Xususan, ayollar, aholining ijtimoiy zaif toifalari huquqlari himoyasi, shuningdek, majburiy mehnat, ayniqsa, bolalar mehnatidan foydalanish taqiqlangan. Tibbiy yordam olish huquqi va sog‘lom atrof-muhit kafolatlariga oid moddalar sezilarli darajada mustahkamlandi.
Ta’lim sohasida har bir bolaning umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishdan oldin bir yillik majburiy tayyorgarlik ta’limi olish huquqi davlat tomonidan kafolatlanishi to‘g‘risidagi qoidani kiritish taklif qilinmoqda.
Konstitutsiyadagi o‘zgartishlardan asosiy maqsad har bir insonning o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun milliy va xalqaro inson huquqlari institutlariga murojaat qilish huquqini ta’minlashdan iborat.
Jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ham bevosita, vakillar orqali, shu jumladan, jamoatchilik nazoratining huquqiy asoslarini oydinlashtiruvchi tuzilmalarni aniqlashtirish bilan qonunchilikni konstitutsiyaviy tartibga solishning yanada kengayayotganini olqishlashimiz lozim.
Konstitutsiyaning 32-moddasidagi «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish» tushunchasining zamonaviy ta’rifi yangi Konstitutsiyaning muhim elementi hisoblanadi. Ushbu moddaning yangi me’yoriy tahlili o‘zini-o‘zi boshqarish tizimi tushunchasini Yevropa Xartiyasida belgilanganidek, «mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan muammolarni hal qilishda tegishli aholi faoliyatining amaldagi ifodasidir», degan xulosaga kelishga imkon beradi.
O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasiga ko‘ra, davlat hokimiyati organlari tizimini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishi ularning vakolatlarini yanada aniqlashtirishdan iboratdir. Bu aniqlik hokimiyat bo‘linishining demokratik tamoyilini yanada samarali amalga oshirishga xizmat qiladi.
Sud hokimiyatiga kelsak, yangi normaga, ya’ni 109-moddaning 7-bandiga ko‘ra, O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi fuqarolar va yuridik shaxslarning muayyan ishda sud tomonidan ularga qo‘llanilayotgan qonun hujjatlariga rioya etilishini tekshirish bo‘yicha shikoyatlarini ko‘rib chiqilishi huquqining berilishini alohida ta’kidlash joiz. Ushbu qoidaning amalga oshirilishi fuqarolarga konstitutsiyaviy sudlovdan keng foydalanish imkonini beradi.