Turkiyadagi vatandosh: Konstitutsiyaviy islohotlar yoshlarning mamlakatimizdagi o‘zgarishlar jarayoniga munosabati va kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlamoqda
Xususan, O‘zbekiston Butunjahon yoshlar assotsiatsiyasining Turkiyadagi vakili Ergash Jumayev quyidagilarni bayon qildi:
– Vatanimizga har gal borganimda uning kun sayin rivojlanib, yangilanib, yasharib, yana-da chiroy ochib borayotganini ko‘rib quvonaman. Ushbu o‘zgarishlar yoshlarning nafaqat olib borilayotgan islohotlarga munosabati, balki kelajakka bo‘lgan ishonchi mustahkamlanishiga turtki bermoqda.
Ushbu ijobiy o‘zgarishlarning davomiyligini taʼminlash O‘zbekiston Konstitutsiyasi bilan chambarchas bog‘liq.
O‘zbekiston hududida turli millat, elat, din vakillari emin-erkin, o‘zaro inoq yashab kelgan. Konstitutsiyaning 61-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirish bunday din va konfessiyalarning erkin faoliyat olib borishiga davlatning kafil bo‘lishini belgilab qo‘yilayotganligi qonunlarimizning umumeʼtirof etilgan tamoyillarga moslashtirishdagi yana bir muhim qadam sifatida baholash mumkin.
3 ming yillik tarixga ega bo‘lgan mamlakatimiz 130 dan ortiq turli millat vakillarining vatani sifatida tanilgan. Milliy kelib chiqishi, eʼtiqodidan qatʼiy nazar, qoraqalpoq, tatar, qozoq, qirg‘iz, turkman, tojik va boshqa millatlarning vakillari respublikamizning barcha mintaqalarida teng huquqqa ega. O‘zbekiston Konstitutsiyasining 4-moddasida taʼkidlanganidek, davlat ularning tili, urf-odatlari va anʼanalariga hurmat ko‘rsatilishni taʼminlaydi hamda ularning rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratadi.
Konstitutsiyamizga bir necha bor o‘zgartirishlar kiritilganiga qaramay, bugungi global voqelik va insonlarning dunyoqarashlari 30 yil avvalgidan tubdan farq qilishini inobatga olgan holda, O‘zbekiston fuqarosi sifatida Bosh qomusimiz isloh qilinayotganidan va bu jarayon keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganidan juda xursandmiz.