Turkiyadagi vatandosh: Konstitutsiyaga yangi normalarning kiritilishi men kabi xorijda faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonliklarni yana-da qo‘llab- quvvatlanishiga mustahkam zamin yaratadi
– So‘nggi olti yil mobaynida mamlakatimiz misli ko‘rilmagan, o‘rgansa arzigulik imkoniyatlar yurtiga aylandi. Bu nafaqat yurtimiz, balki xorijda yashayotgan o‘zbekistonliklarni ham quvontirmoqda. Shu o‘rinda O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarining yana-da mustahkamlanayotgani eʼtiborga sazovordir.
Jumladan, mamlakatimiz va Turkiya o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-marifiy aloqalar yuqori darajada mustahkamlanmoqda.
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi faoliyati kengaygani va Turkiyada yashayotgan vatandoshlarimizga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va darajasi yana-da oshgani, davlatimiz rahbariyati tomonidan bu sohaga katta eʼtibor qaratayotilayotganining misoli sifatida eʼtirof etish mumkin. Jumladan, konsullik saʼy-harakati bilan ilk bor o‘zbek xotin-qizlarini qo‘llab-quvvatlovchi, xaq-huquqlarini himoya qilishni maqsad qilgan jamiyatning tashkil etilishi Turkiyada yashayotgan o‘zbek ayollarimizga bo‘lgan eʼtiborning yaqqol tasdig‘idir.
Men 16 yildan beri Istanbulda istiqomat qilaman. 2016 yilda Istanbuldagi ish faoliyatimni boshladim, “Show TV”, “Kanal D” va “Star TV” telekanallarida koordinatorlik qildim. 2019 yilda “Gul production” kino sanoati shirkatini tashkil qilib, o‘zbek va turk xalqlari o‘rtasidagi madaniy, maʼrifiy, tarixiy aloqalarni rivojlantirishga hissa qo‘shishga bor kuchimni sarflashga harakat qilayapman.
Bosh qomusimiz loyihasiga xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlashga oid moddaning taklif etilgani chet eldagi o‘zbeklarni alohida eʼtiborini tortdi va juda quvontirdi. Konstitutsiyaga bu yangi normalarning kiritilishi men kabi xorijda faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonliklarni yana-da qo‘llab-quvvatlanishiga mustahkam zamin yaratadi.