Janubiy Koreyadagi vatandosh: Davlatimiz rahbarining konstitutsiyaviy islohotlarga doir tashabbusi yangi Renessans bunyodkorlari bo‘lmish iqtidorli yoshlar uchun yangi imkoniyat va imtiyozlar eshigini ochadi
Kvangvon universiteti talabasi Sitora Obidova:
– Shu kunlarda yurtimizda boshlangan konstitutsiyaviy islohotlar shabadasi Janubiy Koreyaga ham yetib kelgan. Albatta, biz Vatandan olisda bo‘lsak-da, yurtimizdagi barcha jarayonlardan xabardormiz. Ayniqsa, bugun axborot texnologiyalari shiddat bilan rivojlanayotgan paytda istalgan maʼlumotni bir zumda topishingiz mumkin.
Shu maʼnoda, O‘zbekistondagi konstitutsion o‘zgarishlar jarayonini ham ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlari orqali doimo kuzatib boraman.
Mamlakatimiz rahbari Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda “Nima uchun Asosiy qonunimizga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish kerak?”, degan savolga aniq va asoslangan javobni berdi.
Qolaversa, Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan tegishli qonun loyihasi bir ovozdan tasdiqlanib, umumxalq muhokamasiga chiqarildi. Bularning barchasi yurtimizda “Inson qadri uchun” degan tamoyil asosida amalga oshirilmoqda.
Shaxsan meni quvontirgan jihati shuki, yangilanayotgan Konstitutsiyamizda yoshlar masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, Prezidentimiz o‘z maʼruzalarida “Davlat iqtidorli yoshlarni, ularning moddiy ahvolidan qatʼi nazar, doimo qo‘llab-quvvatlashini mustaqil qoida sifatida belgilab qo‘yishimiz kerak”, dedilar.
Bugungi kunda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mavjud imtiyozlarni kelgusida ham saqlab qolish uchun mazkur qo‘shimchalar kerak. Masalan, oliy taʼlim muassasasiga kirish uchun imtiyozli grantlar joriy etildi, ikki va undan ortiq farzandi oliy o‘quv yurtida shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga imtiyozli taʼlim krediti berilmoqda, “El-yurt umidi” jamg‘armasi hisobidan yoshlar chet ellarda amaliyot o‘tashmoqda va hokazo.
O‘ylaymanki, ushbu tashabbus yangi Renessans bunyodkorlari bo‘lmish iqtidorli yoshlar uchun yangi imkoniyat va imtiyozlar eshigini ochadi.
Albatta, iqtidorli yosh deganda faqat aʼlo baholarga o‘qiydigan yoki sport sohasida maʼlum bir yutuqlarga erishgan yoshlarimiz emas, balki tadbirkorlik, hunarmandlik yoki fermerlikda ham yaxshi natijalarga erishgan yoshlarimiz, o‘z sohasining ustasi bo‘lgan yosh avlod eʼtibordan chetda qolmasligi aytilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan g‘oya Bosh qomusimizga kiritilsa, yigit-qizlarning muammolari hech qachon davlat idoralari kun tartibidan chetda qolmasligini kafolatlaydi, deb o‘ylayman.