O‘zbekiston delegatsiyasi Sibir hududlarida muzokaralar o‘tkazmoqda
Tashrif davomida ushbu hududlarning hukumatlari, Savdo-sanoat palatalari, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi ko‘p tarmoqli migratsiya markazlari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari hamda Musulmonlar idoralari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Mazkur uchrashuvlar davomida mamlakatimizning savdo-iqtisodiy salohiyatini yana-da oshirish, shuningdek, xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiya tizimini yana-da takomillashtirish masalalariga oid qator kelishuvlarga erishildi.
Jumladan, Krasnoyarsk o‘lkasi va Irkutsk viloyatining hukumatlari bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Irkutsk shahridagi vakolatxonasini qo‘llab-quvvatlash, kelgusida ushbu hududlarda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan o‘zbekistonlik fuqarolarning qonuniy huquqlarini himoya qilishga to‘laqonli shart-sharoitlar yaratib berish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatildi.
Shuningdek, mamlakatimizdan mazkur hududlarga yuborilayotgan eksport mahsulotlarini arzon va qulay bo‘lgan logistika markazi orqali yuborilishini yo‘lga qo‘yish hamda fan, taʼlim, madaniyat va turizm yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Krasnoyarsk, Irkutsk va Buryatiya hududlarining turli sohalarida mehnat qilayotgan o‘zbek fuqarolari bilan uchrashib, ularga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa, xorijdagi vatandosh-fuqarolar uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar to‘g‘risida maʼlumot berdi. Fuqarolarimiz o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga batafsil javoblar oldi.
Sibirning mazkur hududlaridagi o‘zbek jamoat birlashmalari, diaspora tashkilotlari rahbarlari va faol vatandoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda O‘zbekistondagi Konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy maqsadi inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, huquq va manfaatlarini konstitutsiya darajasida mustahkamlashdan iborat ekanligi aniq misollar bilan tushuntirib berildi.
Hududlarning musulmonlar idoralari vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan davra suhbatida ilm va maʼrifat rivojlanishi yo‘lida hamkorlik qilish hamda O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuvlada Rossiya vakillari O‘zbekiston delegatsiyasini Sibir hududiga tashrifi barcha sohalarda hududlararo hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilishini taʼkidladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Kemerovo, Tomsk va Novosibirsk viloyatlariga ham tashrif buyurishi rejalashtirilgan.