«Hanshin Engineering & Construction» korporatsiyasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazildi
Muloqot chog‘ida barcha sohalardagi aloqalar izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilib, ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy sohada o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari to‘g‘risida fikr almashildi.
- Bizning korporatsiyamiz O‘zbekiston bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda, - dedi Choi Mun Gyu. - O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili dekabr oyida Janubiy Koreyaga tashrifi chog‘ida yetakchi kompaniyalar va moliyaviy tuzilmalar rahbarlari bilan uchrashuvda O‘zbekistonning ishonchli do‘sti va alohida strategik sherigi - Koreya Respublikasi bilan barqaror, ishonchga asoslangan va jadal rivojlanib borayotgan hamkorlikni yuksak qadrlashini alohida qayd etib, Koreya kompaniyalari rahbarlarini O‘zbekistonga kelish va u yerda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlardan foydalanishga taklif etgan edi. O‘zbekiston rahbarining bu so‘zlari biz tadbirkorlar uchun mamlakatingiz bozorida yana-da faol ishlashimiz uchun turtki bo‘ldi.
Bugungi kunda “Hanshin Engineering & Construction” bilan Qo‘qon shahrida “Hanshin Park City” turar-joy massivini qurish bo‘yicha qiymati 250 million dollarlik investitsiyaviy kelishuv imzolangan. Mazkur kelishuvga ko‘ra, Janubiy Koreya kompaniyasi Qo‘qon shahrida 9, 12 va 16 qavatli 5 ming 122 xonadondan iborat 127 ta ko‘p qavatli turar-joy binosi, markaziy bog‘, maktab, bolalar bog‘chasi va boshqa muhim ijtimoiy obyektlardan iborat «Hanshin Park City» shaharchasini barpo etadi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari shu kunlarda mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni qizg‘in davom etayotgani haqida ham so‘z yuritib, ushbu o‘zgarishlardan ko‘zlangan bosh maqsad – inson qadri, xalq manfaatini amalda taʼminlashdan iborat ekanini qayd etdi.
Ayniqsa konstitutsiyaviy islohotlarda tadbirkorlikni rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, Bosh qomusimizda mamlakatimizda tovarlar, xizmatlar, ishchi kuchi va moliyaviy mablag‘lar erkin harakatlanishi, ichki va tashqi savdo rivojlanishi uchun davlat barcha sharoitlarni yaratishi haqidagi normani mustahkamlash ko‘zda tutilganini bildirdi.
“Hanshin Engineering & Construction” ijrochi direktori Janubiy Koreyadagi yirik biznes vakillari O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini taʼkidlab, ushbu o‘zgarishlar O‘zbekistonda xorijlik investorlar uchun ham jozibador va qulay biznes muhitini yaratishida muhim omil bo‘lishini bildirdi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Janubiy Koreyaga tashrifi davom etmoqda.