Janubiy Koreyadan munosabat: Asosiy qonunga kiritilishi taklif etilayotgan o‘zgartishlar O‘zbekistonning tashqi siyosat sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi
Tadbirda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Prezidenti Administratsiyasi, Tashqi ishlar vazirligi vakillaridan iborat delegatsiya a’zolari hamda Janubiy Koreya parlamenti, siyosiy, akademik va ekspert-tahlil doiralari vakillari, mamlakatdagi yetakchi oliy ta’lim dargohi rektorlari va tadqiqotchilari, provinsiyalar va yirik shaharlar rahbariyati hamda mamlakatning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda qatnashgan Janubiy Koreya siyosiy va ekspert doiralari vakillari “Dunyo” AA muxbiriga o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Xanyan universitetining Osiyo-Tinch okeani tadqiqot markazi direktori Um Gu Xo:
- Men ish faoliyatim davomida Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlarda, xususan, O‘zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, ro‘y berayotgan iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarni diqqat bilan kuzatib boraman.
Bugungi davra suhbatidan olgan taassurotlarimdan kelib chiqqan holda aytadigan bo‘lsam, mamlakatingizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar Yangi O‘zbekistonni barpo etishda eng muhim qadamlardan biri bo‘ladi, deb ishonch bilan ayta olaman.
Ushbu tadbirda ishtirok etib, O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarning o‘z vaqtida amalga oshirilayotganiga va dolzarbligiga yana bir bor amin bo‘ldim.
Har bir mamlakat uchun uning Bosh qomusini isloh qilish eng muhim siyosiy jarayon sanaladi. O‘zbekistonga ushbu jarayonni amalga oshirishda ulkan zafarlar tilayman.
Janubiy Koreya - O‘zbekiston Biznes assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Kim Chang Keon:
- O‘zbekistonda Bosh qomusga kiritilayotgan o‘zgartishlar va qo‘shimchalarda xorijlik investorlar va biznes doiralar vakillarining haq-huquqlarini mustahkamlash va ularga yanada kengroq imkoniyatlar yaratish masalasiga ham alohida e’tibor berilayotgani Janubiy koreyalik hamkorlar tomonidan mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritilayotgan sarmoyalar miqdorining oshishiga zamin yaratadi, deb hisoblayman.
Men ko‘p yillardan buyon Janubiy Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik jarayonida bevosita ishtirok etib kelaman. So‘nggi 6 yil davomida nafaqat poytaxt Toshkentda, balki O‘zbekistonning barcha hududlarida ro‘y berayotgan o‘zgarish va yangilanishlardan bevosita xabardorman. Xizmat zarurati tufayli O‘zbekistonga tez-tez boraman. Lekin har safar borganimda yurtingizda barcha sohalardagi ijobiy o‘zgarishlarni his qilaman.
O‘ylaymanki, Yangi O‘zbekistonning keyingi taraqqiyoti uchun mustahkam huquqiy asos yaratilayotganligi ijobiy o‘zgarishlarni yanada jadallashtirishga hamda xalq farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Koreya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Shimoliy iqtisodiy hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i Byon Xyon Sob:
- Janubiy Koreya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar jadal sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda. 2019 yilda ikki mamlakat o‘rtasida alohida strategik sheriklik munosabatlarining o‘rnatilishi O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligi tarixida yangi sahifa ochdi.
Shuni alohida qayd etishni istar edim, O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan bunday darajadagi munosabat o‘rnatgan dunyodagi 4 davlatdan biri hisoblanadi.
Janubiy Koreya O‘zbekistonning alohida strategik hamkori va yaqin do‘sti sifatida mamlakatda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Bugungi davra suhbatidan shunday xulosaga keldimki, hozirda dunyoda ro‘y berayotgan jarayonlar, mamlakatingizning rivojlanish tendensiyasi va boshqa omillar O‘zbekiston uchun konstitutsiyaviy islohotlarning qanchalik muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatib turibdi.