Germaniyadagi vatandosh: Sog‘liqni saqlash sohasidagi barqaror va tizimli islohotlar O‘zbekiston ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishidir
– Tibbiyot davlat va jamiyat hayotining eng muhim sohasi hisoblanadi. Shifokorlarni munosib qo‘llab-quvvatlash, mehnatini qadrlash, fuqarolarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishi uchun sharoit yaratish Yangi O‘zbekiston ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridandir.
Amaldagi Konstitutsiyamizning 40-moddasida “Har kim malakali tibbiy yordam olish huquqiga ega” deb belgilangan. O‘zbekiston Prezidenti taʼkidlaganidek, sog‘liqni saqlash sohasida o‘z oldimizga katta maqsad va vazifalarni qo‘yayotgan bugungi sharoitda birgina ushbu konstitutsiyaviy moddaning o‘zi yetarli emas. Bugun tibbiyot tizimimizning konstitutsiyaviy asoslarini yana-da mustahkamlashimiz zarur.
Men tibbiyot xodimi sifatida davlatimiz rahbarining taklifini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman.
Biz, O‘zbekiston fuqarolari, qayerda bo‘lishimizdan va mehnat qilishimizdan qatʼiy nazar, oldimizga qo‘yilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirish, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda faol ishtirok etishimiz kerak.
Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish, menimcha, ko‘plab muammolarni hal etishda birinchi qadam bo‘lib, mamlakatimizda ham, xorijda ham oldimizda yangi ufqlar ochadi.
Ishonchim komilki, bu ezgu maqsadni amalga oshirishda xalqimiz yana-da hamjihatlik va birdamlik namoyon etadi.