Xitoydan munosabat: O‘zbekistondagi islohotlar diqqat markazida har bir insonning huquq va manfaatlarini himoya qilish turibdi
Tadbirda Yevroosiyo muammolarini o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi YEOIRI, Xitoy Zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasi va Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xitoy xalqaro munosabatlar akademiyasi tadqiqotchilari va ekspertlari ishtirok etdi.
Anjumanda O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, konstitutsiyaviy islohotlar haqida batafsil maʼlumot taqdim etildi.
Xitoylik ekspertlarning yakdil fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda hayotga tadbiq etilayotgan islohotlar mamlakat taraqqiyoti jarayonlarining uzluksizligi va izchilligini taʼminlab, respublikaning milliy ustuvor yo‘nalishlarini o‘zida aks ettiradi. Eng muhimi, davra suhbati ishtirokchilari O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar mamlakatimizning yana-da jadal rivojlanishini taʼminlashning huquqiy asosini mustahkamlash va takomillashtirishda dolzarb ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Xitoy Davlat kengashi huzuridagi Yevropa va Osiyoni ijtimoiy rivojlantirish instituti direktori Li Yunsyuan O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida taraqqiyot va ochiqlik yo‘lini ishonch bilan davom ettirayotganini taʼkidladi.
– 2017-2022 yillarda islohotlar dasturining birinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlandi, - dedi u. – 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida respublikani rivojlantirish bo‘yicha bundan ham yuksak va ulug‘vor vazifalar belgilangan.
YEOIRI direktori O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarni mamlakat o‘z oldiga qo‘ygan ulkan taraqqiyot vazifalarini inobatga olgan holda tabiiy jarayon deb hisoblashini ham qayd etdi.
Unga ko‘ra, islohotlarni amalga oshirishning huquqiy shartlari va yo‘llari mamlakatni rivojlantirishning vazifalari va ustuvor yo‘nalishlariga mos kelishi kerak. Bundan tashqari, har bir mamlakatning o‘zi omillarning butun majmuasini hisobga olgan holda eng maqbul rivojlanish modelini belgilashi shart.
– Xitoy tadqiqot jamoatchiligi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning muvaffaqiyatli islohotlar dasturini katta qiziqish bilan kuzatmoqda. Biz O‘zbekistonning mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasini yuksak qadrlaymiz, - dedi Li Yunsyuan.
Xitoy Zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasi Yevroosiyo tadqiqotlari instituti direktori Din Syaosin O‘zbekistonning Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi va mintaqalararo o‘zaro bog‘liqligini rag‘batlantirishdagi roliga to‘xtaldi.
Ekspertning fikricha, O‘zbekistonning barqaror rivojlanishi butun mintaqa uchun muhim.
– Biz doimo tenglik va o‘zaro hurmat tamoyilini birinchi o‘ringa qo‘yamiz. Xitoy tomoni O‘zbekistonning mamlakatning milliy ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda rivojlanishini tanlaganini hurmat qiladi, - dedi u. – O‘zbekiston taraqqiyotining avvalgi besh yillik bosqichi misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar va innovatsion islohotlar davri bo‘ldi. Bugun O‘zbekistonda ijobiy o‘zgarishlar jarayoni davom etmoqda va mamlakat o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda.
YEOITIning Yevroosiyo bo‘yicha yetakchi ekspertlari Tyan Yunsyan va Syuy Tao konstitutsiyaviy islohotlar O‘zbekistonning yana-da barqaror rivojlanishiga xizmat qilishini taʼkidladi.
Ekspertlar, shuningdek, konstitutsiyaviy islohotlar jarayonining ochiq va inklyuzivligini yuqori baholadi.
“Konstitutsiyaga taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar fuqarolar tomonidan ilgari surilayotgani, konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasidan o‘tayotgani butun jarayonning shaffofligi va demokratik tamoyillarga mosligini ochiq tasdiqlamoqda”, deya taʼkidladi ular.
Tyan Yunsyan, Xitoy Davlat kengashi huzuridagi Yevropa va Osiyo ijtimoiy taraqqiyot instituti direktori o‘rinbosari:
– Davra suhbati davomida biz, Xitoy ekspert hamjamiyati vakillari O‘zbekiston haqida, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida ko‘plab muhim maʼlumotlarga ega bo‘ldik.
Bugun O‘zbekistonda ham ijtimoiy davlat qurishga qaratilgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni amalga oshirilmoqda. O‘ylaymanki, bu islohotlar O‘zbekistonning milliy ustuvor yo‘nalishlariga javob beradi va mamlakatning uzluksiz, jadal rivojlanishini taʼminlaydi.
O‘zbekiston ham ko‘plab mintaqaviy va xalqaro jarayonlarning faol ishtirokchisi ekani quvonarlidir. Jumladan, Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammitiga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. O‘zbekiston ushbu tashkilotga rais sifatida SHHTni mustahkamlashga katta hissa qo‘shmoqda.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik haqida ham to‘xtalib o‘tmoqchiman. Mamlakatlarimiz ikki va ko‘p tomonlama darajada faol hamkorlik qilmoqda. O‘zaro aloqalar tez surʼatlarda rivojlanmoqda.