Polsha parlamenti aʼzolari O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlamoqda
Tadbirda elchi Bahrom Boboyev Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida ijtimoiy siyosat, iqtisodiy o‘sishning omillari, ekologik, huquqiy, gender masalalari, O‘zbekistonning turli sohalardagi tashabbuslarini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, yoshlar, pensionerlar, taʼlim va madaniyatning yangi shakllarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritdi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning borishi, Asosiy qonunimizga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati, loyihaning umummilliy muhokamasi, bu jarayonda mamlakatimiz aholisining faolligi, shuningdek, umumxalq referendumiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Bu yil O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 30 yil to‘layotgani alohida taʼkidlandi. Davlatimiz rahbari tomonidan eʼlon qilingan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida mamlakatimizni modernizatsiya qilish bo‘yicha sifat jihatidan yangi vazifalarni hal etish, yangi qonunlar va konsepsiyalar qabul qilish ko‘zda tutilgan. Ular, o‘z navbatida, qonunchilik va huquqni qo‘llash tizimiga asoslanishi kerak.
Ishtirokchilar barcha sohalarni rivojlantirish yo‘lidagi bunyodkorlik faoliyatini yuqori baholadi. Parlamentlararo guruh hamraisi, deputat Pavel Beyda “Xabeas-korpus”, Miranda qoidasi, o‘lim jazosini bekor qilishni Konstitutsiya orqali mustahkalash, oila instituti rivojlanishining konstitutsiyaviy asoslarini belgilash, inson huquqlarini himoya qilishning amaldagi samaradorligini oshirish, bolalar mehnatini oldini olish, nogironlar huquqlarini ishonchli himoya qilish, ekologik muammolar to‘g‘risidagi qonunlar kiritishni qo‘llab-quvvatladi.
Deputat Marek Matushevskiy O‘zbekistonni xalqaro masalalarda – YEI va O‘zbekiston o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash, O‘zbekiston uchun “GSP+” tizimini joriy etishda amaliy yordam ko‘rsatish, mamlakatning JSTga kirishi va boshqa masalalarda qo‘llab-quvvatlash muhimligini taʼkidladi.
Ishtirokchilar eʼtibori Polsha mehnat bozorini o‘zbekistonlik ishchilar uchun ochish masalasini qonunchilikda mustahkamlash zarurligiga qaratildi. Xususan, deputat Yuzefa Щurek-Jelazko O‘zbekistondan malakali shifokor va hamshiralarni Polshadagi klinikalarda ishlashga jalb qilish muhimligini bildirdi. Uning taʼkidlashicha, ushbu toifadagi mutaxassislar uchun mehnat imtiyozlari va polyak tilida bepul o‘qitish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Senator Yan Libiskiy Polsha va O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar rivoj topayotgani, jumladan, Polshadagi o‘zbekistonlik talabalar safi izchil kengayayotganini taʼkidladi. Uning aytishicha, bu mamlakatimiz rahbariyatining o‘zbek yoshlarini xalqaro taʼlim dasturlariga integratsiyalashuviga katta eʼtibor qaratayotganidan dalolat berib, yosh avlod vakillariga iqtisodiyot va fundamental fanlarning yangi yo‘nalishlari, mutaxassisliklarini o‘zlashtirishda imkoniyat bermoqda.
Deputat Marchin Porjuchek O‘zbekistonda sayyohlik yo‘nalishlari faol rivojlanayotganidan mamnunligini bildirib, Varshava va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish tarafdori ekanini bildirdi.
Tadbir ishtirokchilari hamkorlikni yana-da kengaytirish, mazkur yo‘nalishlarda muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.