Janubiy Koreya-O‘zbekiston biznes-assotsiatsiyasi rahbariyati bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Muloqot chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollari xususida fikr almashildi.
Biznes-assotsiatsiya tashabbusi bilan joriy yil 3-7 iyul kunlari savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari vakillaridan iborat yirik biznes delegatsiyaning O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi yakunlari ijobiy baholandi. Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlash doirasida o‘tkazilgan ushbu tashrif savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnik va sarmoyaviy sohalardagi hamkorlikni amaliy kengaytirish va chuqurlashtirishda yana bir muhim qadam bo‘lgani taʼkidlandi.
Anjumanda O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari bugungi kunda mamlakatimiz «Inson shaʼni va qadr-qimmati yo‘lida» ustuvor tamoyilini amalga oshirishga qaratilgan eng muhim siyosiy tadbir arafasida ekanini taʼkidladi. Bu muhim jarayonda jamiyatning barcha aʼzolarini faol jalb etish maqsadida umummilliy referendum o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu O‘zbekistonning asosiy demokratik tamoyillarga sodiqligini ko‘rsatadi.
- O‘zbekistonga tashrifim davomida yurtingizda muhim siyosiy jarayon – amaldagi Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish jarayoni faol amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘ldim, - dedi Kim Yon Gu. - Ushbu konstitutsiyaviy o‘zgarishlar O‘zbekiston iqtisodiyotini yana-da rivojlanishida muhim ahamiyatga ega. Chunki davlat tomonidan xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini hamda sharoitlarni Asosiy qonun bilan taʼminlanishi amalga oshirilsa, bundan birinchi navbatda aholi katta manfaat ko‘radi. Bu esa O‘zbekistonda “inson-jamiyat-davlat” tamoyilining amaldagi yana bir ifodasidir.
Janubiy Koreya-O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi rahbariyati bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan qator qo‘shimcha yo‘nalishlar, xususan, O‘zbekistonning to‘qimachilik sanoatini yana-da rivojlantirish, yetakchi brendlarni respublikaga jalb qilish, hamkorlikda yaqin va uzoq yangi bozorlarga chiqish bo‘yicha ham atroflicha fikr almashildi. Bu borada Biznes-assotsiatsiya aʼzolari faol ravishda ish olib borishga tayyorligi qayd etildi.