Yaponiyadagi vatandosh: Bosh qomusimizga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartishlar orqali O‘zbekiston demokratiya va inson huquqlarining umumeʼtirof etilgan g‘oyalari va qadriyatlariga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi
- Bugungi kunlarda yurtimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayonini Yaponiyada ham diqqat bilan kuzatib borayapmiz. Bunday islohotlar dunyoning aksariyat davlatlarida amalga oshirilgan bo‘lib, davlat hokimiyati tizimini tubdan modernizatsiya qilish, demokratiya tamoyillarini hayotga izchil tadbiq qilish, insonning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy huquq va erkinliklarini himoya qilish, davlat va jamiyatni barqaror rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy asos yaratishga qaratilgan jarayondir, deb hisoblayman.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda «Inson qadri uchun» g‘oyasini hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili bo‘lgan «Inson – jamiyat – davlat» tamoyilini Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyatiga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirishimiz zarur, insonning qadr-qimmati, shaʼni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak, deb taʼkidladi.
Ushbu taklif juda ham o‘rinlidir, negaki inson huquqlari – har bir insonning millati, yashash joyi, jinsi, etnik kelib chiqishi, dini, tili va boshqa belgilaridan qatʼiy nazar, ajralmas huquqlaridir.
Kiritish taklif etilayotgan qo‘shimchalar orqali davlat demokratiya va inson huquqlarining umumeʼtirof etilgan g‘oyalari va qadriyatlariga, shuningdek, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Bosh qomusimizga davlatimiz rahbari tomonidan taklif etilgan yangi qo‘shimchalar xalqimiz farovonligi va mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishiga ishonamiz.