Qozog‘iston poytaxtida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Tadbir chog‘ida O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kitirish bilan bog‘liq batafsil maʼlumotlar davra suhbati qatnashchilarining eʼtiboriga havola etildi. Xususan, Asosiy qonunga fuqarolarimiz takliflari inobatga olingan holda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish masalasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilgani, shu maqsadda Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etilgani hamda barcha takliflar “meningkonstitutsiyam.uz” portali orqali erkin bildirilishi mumkinligi qayd etildi.
Shu bilan birga, joriy yil 20 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan ustuvor yo‘nalishlar insonni, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmatini ulug‘lash, daxlsiz huquq va manfaatlarini mustahkamlash, Asosiy qonunimizda “O‘zbekiston - ijtimoiy davlat” degan g‘oyani mustahkamlash, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish, O‘zbekistonda xalqchil, demokratik huquqiy davlat qurishga qaratilgani alohida taʼkidlandi.
Shuni alohida qayd etish joizki, Qozog‘istonda bo‘lib turgan fuqarolarimiz va o‘zbek diasporasining qator vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni ijobiy baholashgani barobarida bo‘lajak referendumda faol ishtirok etishlarini maʼlum qilishdi.