O‘zbekiston elchisi Vitaliy Fen “The Korea Times” gazetasi prezidentiga mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohotlar to‘g‘risida so‘zlab berdi
Vitaliy Fen “The Korea Times” gazetasi rahbari bilan suhbatda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati, Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bo‘lajak siyosiy tadbirga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari xususida batafsil maʼlumot berdi.
- Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli vazifalar, xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yana-da samarali taʼminlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy – huquqiy makonni yaratish zaruratini yuzaga keltirdi, - dedi elchi. - O‘tgan davr mobaynida jamiyatimizning siyosiy, iqtisodiy- ijtimoiy va madaniy hayotida tub o‘zgarishlar bo‘ldi.
Bu esa Bosh qomusimizda "Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat" tamoyillarini mustahkamlash, turli islohotlar jarayonida inson manfaatlari bosh mezon bo‘lishini taʼminlash, xususiy mulk daxlsizligini, yerga egalik qilish huquqini, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rnini konstitutsiyaviy darajaga ko‘tarish, davlat hokimiyati asoslarini takomillashtirish dolzarbligini ko‘rsatdi.
Alohida taʼkidlashni istar edim, Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishning asl muallifi va tashabbuskori bu O‘zbekiston xalqidir.
Konstitutsiyaviy islohotlardan asosiy maqsad esa inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlashdan iborat. Boshqacha qilib aytganda O‘zbekistonning Bosh qomusiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga asoslangan.
Albatta, mazkur jarayonda nafaqat olimlar, huquqshunoslar, balki aholining barcha qatlamlari vakillari, xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari ham faol ishtirok etmoqda. Aholidan kelib tushgan takliflar asosida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu loyiha xalqimiz muhokamasiga qo‘yildi.
Xabaringiz bor, joriy yil 20-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashib, konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Prezident o‘z maʼruzasida to‘rtta ustuvor yo‘nalishga eʼtibor qaratib, ularning har biri bo‘yicha takliflarini aytdi.
Inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalasi birinchi yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
Ikkinchi yo‘nalishda “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan g‘oya ilgari surildi.
Uchinchi yo‘nalish Konstitutsiyada mahallaning maqomini hamda davlat organlarining bu boradagi vazifalarini aniq belgilash haqida bo‘ldi.
To‘rtinchi yo‘nalish mamlakatimizda davlat boshqaruvini takomillashtirish, xalq hokimiyatchiligini kuchaytirishga qaratilgani bilan muhimdir.
Konstitutsiyaga o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritish jarayoni bir necha bosqichda amalga oshirilmoqda.
Birinchi bosqich – Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha soha mutaxassislaridan va keng jamoatchilikdan takliflarni qabul qilish, jamlash va tahlil qilishni tashkillashtirishdan iborat edi.
Konstitutsiyaviy komissiya takliflari asosida ishlab chiqilgan loyiha parlamentning Qonunchilik palatasiga taqdim etildi. Shu munosabat bilan Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining birinchi bosqichi yakuniga yetdi.
Ikkinchi bosqich – parlament tomonidan ishlab chiqilgan Konstitutsiviy qonun loyihasini umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqishdan iborat edi.
Bunday demokratik yondashuv “Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi – xalqdir”, degan tamoyilga to‘la mos keladi.
Ikkinchi bosqichning yakunlanish muddati joriy yil 1 avgustgacha uzaytirildi.
Uchinchi bosqich – umumxalq muhokamasi natijasida maromiga yetkazilgan Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilish.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, O‘zbekistonning amaldagi qonunchiligiga ko‘ra, parlamentning o‘zi ham Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish vakolatiga ega. Shunga qaramasadan, O‘zbekiston Prezidenti mazkur qonun loyihasi umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqilishi lozimligini hamda referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilishni taklif etdi.
O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bo‘lajak referendumga puxta tayyorgarlik ko‘rish ishlari boshlab yuborilgan.
Referendum «O‘zbekiston Respublikasining Referendumi to‘g‘risida»gi qonun asosida o‘tkaziladi. Ayni paytda MSK tomonidan referendum okruglari hamda referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari to‘g‘risidagi, Referendum uchastkalari hamda uchastka komissiyalari to‘g‘risidagi nizomlar ishlab chiqilgan.
Nizomlar o‘z ichiga komissiyalar aʼzolariga qo‘yiladigan talablarni qamrab olgan. Jumladan, komissiya aʼzoligiga nomzodlarni tavsiya qilish, komissiya tarkibidan chiqarish yoki tarkibini o‘zgartirish, komissiya faoliyatini tashkil etish, komissiyalarning vakolatlari, ularning ishini rejalashtirish va tashkil qilish tartiblari bor.
Shuningdek, uchastka komissiyasi joylashgan bino va ovoz berish xonalarini jihozlash, ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxati, muddatidan oldin ovoz berish, uchastka komissiyasi tomonidan referendum kuni amalga oshiriladigan vazifalar, ovoz berishni tashkil etish kabi talab va tavsiyalar o‘rin olgan.
Bundan tashqari, referendumda qonuniylik, xolislik va ochiqlikni taʼminlashda kuzatuvchilarning faoliyati juda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois MSK tomonidan xorijiy (xalqaro) va mahalliy kuzatuvchilar faoliyatini tartibga solish, respublikasi referendumida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar to‘g‘risidagi nizom qabul qilindi.
Shuningdek, avvalgi saylovlarda xorijdagi vatandoshlarimizning faol ishtirokini hisobga olgan holda hamda ularning konstitutsion huquqlarini to‘laqonli taʼminlash va referendumda ovoz berishda qulayliklar yaratish maqsadida O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.