Yaponiyadan munosabat: Bosh qomusimiz hayotimizning har bir qirrasiga o‘z taʼsirini ko‘rsatadi
Sardorxo‘ja Bozorboyev, “TaChiToMo Soft Co., Ltd” kompaniyasi xodimi:
- Konstitutsiya oddiy huquqshunoslar hujjati emas, balki u hayot zanjiri va uning ruhi hamisha zamon ruhini ifoda etadi. Bu fikr hindistonlik huquqshunos, iqtisodchi, jamoat arbobi hamda siyosiy arbob Bhimrao Ramji Ambedkar tomonidan aytilgan.
Haqiqatdan ham har bir suveren davlatning konstitutsiyasi faqatgina huquq sohasi vakillari uchungina emas, balki mamlakat fuqarosi bo‘lgan har bir inson uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Muxtasar qilib aytganda, Bosh qomusimiz hayotimizning har bir qirrasiga o‘z taʼsirini o‘tkazadi. Shunday ekan, undagi hech bir o‘zgarishlarga befarq bo‘lmasdan o‘z munosabatimizni bildirib borishimiz kerak, deb hisoblayman.
O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinayotgan Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi xabar-maqolalarni diqqat bilan o‘qib borayapman.
Jumladan, 17-moddaga kiritilishi taklif etilgan qo‘shimchalar O‘zbekistonning xalqaro munosabatlardagi pozitsiyasi va holatini yana-da ham aniqlashtirib bergan. Shuningdek, “O‘zbekiston barcha davlatlar bilan do‘stona va tinchliksevarlik tashqi siyosat olib boradi” kabi jumalalarning kiritilishi xalqaro munosabatlarni yana-da ham mustahkamlashga xizmat qilishiga aminman.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ayrim fuqarolar tomonidan o‘lim jazosini tiklash yuzasidan bildirilgan takliflarga munosabat bildirib, bu insonning tabiiy va uzviy huquqi hisoblangan yashash huquqi kafolatlariga hamda demokratik va insonparvar g‘oyalarga zid ekanligini taʼkidladi. U “O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi”, degan muhim normani asosiy qonunda aks ettirishni taklif etgani meni quvontirdi.
Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarining mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar yoki yashash joyini erkin tanlash huquqi, mamlakatdan to‘siqlarsiz chiqish va qaytish huquqi kafolatlanishi lozimligi taklif etilishi jamiyatda yuz berayotgan ko‘plab muammolarni hal etishi mumkin, deb o‘ylayman.