Afinada bo‘lib o‘tgan davra suhbati O‘zbekistonning zamonaviy hayotiga oid muhim qirralarni qamrab oldi
Elchi Otabek Akbarov davra suhbati ishtirokchilariga O‘zbekistonda bugungi kunlarda hayotga tadbiq etilayotgan keng ko‘lamli siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlar va ular berayotgan samaralar to‘g‘risidagi muhim maʼlumotlarni taqdim etdi.
Shu o‘rinda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarga alohida eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilar mamlakatimiz Asosiy qonuniga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati bilan atroflicha tanishtirilar ekan, barcha o‘zgartish va qo‘shimchalarning kiritilishi ochiq hamda umummilliy muhokama jarayoni vositasida amalga oshirilishi alohida qayd etildi.
O‘z navbatida, “Gretsiya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati vakillari ikki tomonlama madaniy-gumanitar va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan faoliyat, amalga oshirilayotgan va yangi loyihalar haqidagi maʼlumotlarni o‘rtoqlashdilar.
Do‘stlik jamiyatining bir necha vakillari Samarqand, Buxoro, Xiva hamda boshqa tarixiy shaharlarning madaniy va diqqatga sazovor maskanlari haqida hikoya qiluvchi “Marakanda” nomli yangi kitobni chop etishga qiziqish bildirishdi. Shu maqsadda ular kitobni nashr etish uchun maʼlumot va materiallar to‘plash maqsadida joriy yil sentyabr-oktyabr oylarida O‘zbekistonga safar uyushtirishni rejalashtirishayotganini maʼlum qildilar.