O‘zbekistonning konstitutsiyaviy islohotlari Koreya Respublikasi OAV diqqat markazida

Jumladan, «Korea Times» gazetasi o‘z sahifasida hamda internet tarmog‘idagi veb-sahifasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboyev qalamiga mansub «Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi konstitutsiyaviy islohotlarning yo‘nalishlari» sarlavhali maqolani eʼlon qildi.
Unda alohida qayd etilganidek, O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar «Inson shaʼni va qadr-qimmati uchun» ustuvor tamoyilini hayotga tatbiq etishga qaratilgan. “Inson qadr-qimmati – bu fuqarolarning tinch va xavfsiz hayoti, asosiy huquq va erkinliklarini taʼminlash, har bir inson uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilmani yaratish, aholining malakali tibbiy xizmat, sifatli taʼlim, ijtimoiy himoya va sog‘lom ekologik muhitdan bahramand bo‘lishini taʼminlashdir”, deb yozadi muallif.
Maqolada inson huquqlarini himoya qilish va inson qadr-qimmati sohasidagi konstitutsiyaviy islohotlarning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilab olingani koreyalik o‘quvchilarning eʼtiboriga havola qilingan:
- birinchisi – ilgari amalda bo‘lgan «davlat - jamiyat - shaxs» paradigmasini konstitutsiyaviy qonunchilik va konstitutsiyaviy amaliyotda mustahkamlagan holda yangisiga, yaʼni «shaxs - jamiyat - davlat»ga o‘zgartirish;
- ikkinchisi – «jamiyat – islohotlar tashabbuskori» tamoyilini, fuqarolik jamiyati institutlarining roli va mavqeini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlash;
- uchinchisi – inson huquqlarini himoya qilishning amaldagi tizimi samaradorligini oshirish, nogironlar, ayollar, bolalar, yoshlar huquqlarini ishonchli himoya qilish.
Maʼlum qilinganidek, O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha amaldagi to‘qqizta asosiy xalqaro shartnomadan yettitasini, xususan: Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risida xalqaro Konvensiya, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risida xalqaro pakt, Xotin-qizlarni kamsitishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida Konvensiya, Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi Konvensiya, Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya hamda Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani ratifikatsiya qildi va shu tariqa unga rioya qilish majburiyatini ham oldi.
“Bu hujjatlarning barchasi konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish va tayyorlash uchun asos bo‘ldi”, deb yozadi nashr.