O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovning “ShHT Samarqand sammitining mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik, barqaror rivojlanishga qo‘shgan hissasi” mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi nutqi
Hurmatli Ruslan Erkinovich ,
Hurmatli Eldor Tahirovich ,
Hurmatli Grigoriy Semenovich,
Xonimlar va janoblar,
Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti yakunlari, uning mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik hamda barqaror rivojlanishni ta’minlashga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya ishtirokchilarini samimiy qutlayman.
Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 22-yig‘ilishi O‘zbekistonning Tashkilotga muvaffaqiyatli raisligini munosib tarzda yakunladi. Sammit o‘zining ijobiy sur’ati, tashkiliy va mazmuniy jihatdan boyligi bilan alohida e’tirof etildi.
Sammit yakunlari bo‘yicha 100 dan ortiq turli darajadagi tadbirlar o‘tkazilgani va rekord miqdordagi hujjatlar imzolangani buni tasdiqladi.
Samarqand sammiti o‘zining ishtirokchilar darajasi bilan ajralib turdi: ShHT platformasida ilk bor 14 ta davlat, 10 ta xalqaro tashkilot rahbarlari yig‘ilib, ikki va ko‘p tomonlama shakllarda xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni ko‘rib chiqdilar.
Davlat rahbarlarining yig'ilishi yakunida erishilgan kelishuvlar ShHT doirasidagi amaliy ko‘p qirrali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi.
Sammitning ahamiyati mintaqada va undan tashqarida hamon davom etayotgan yangi geostrategik va geoiqtisodiy o‘zgarishlar bilan ham bog'liq bo`ldi.
Davlat rahbarlari Yevroosiyo mintaqasi rivojlanishining istiqbolli yo'nalishlarini, shuningdek, ShHTning yaqin kelajakdagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilovchi muhim bayonotlar berdi.
Prezidentimiz oʻz nutqida atrofimizda boʻlayotgan voqealar sharoitida bugungi sammit alohida, tarixiy ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. ShHT oʻz taraqqiyotining yangi, yanada masʼuliyatli bosqichiga qadam qoʻymoqda. Uning zimmasida hamkorlikning koʻplab ustuvor vazifalarini birgalikda hal etish masʼuliyati turibdi.
Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari tashkilotning bloklarga qo‘shilmaslik maqomini va uning ochiqligini, keng hamkorlikka yo‘naltirilganligi saqlab qolish, xavfsizlikning yaxlitlik tamoyili, “Shanxay ruhi” tamoyillari asosida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va sheriklikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
Sammit Tashkilotimizning zamonaviy global xavf-xatar va tahdidlarga nisbatan mas’uliyati ortib borayotganini namoyish etdi.
ShHT davlatlari rahbarlari terrorizm, separatizm va ekstremizm tomonidan xavfsizlikka tahdid solayotganidan chuqur xavotirda ekanliklarini bildirdilar.
Shu nuqtayi nazardan O‘zbekiston Prezidenti ShHT Samarqand deklaratsiyasida o‘z ifodasini topgan samarali chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish va qabul qilish orqali yoshlarni ekstremistik guruhlar faoliyatiga jalb etishga urinishlarning oldini olish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirishga chaqirdi .
Aziz do'stlar,
O‘zbekistonning ShHT yangi sharoitda qanday bo‘lishi kerakligi masalasiga konseptual yondashuvini raislik davrida ilgari surilgan ustuvor yo‘nalishlarda ko’rish mumkin – savdo, sanoat va texnologik hamkorlik, iqtisodiy va transport o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash, innovatsiyalar, raqamli transformatsiya va yashil iqtisodiyot.
Oʻzbekiston rahbari inqirozni birgalikda yengib chiqish va barqaror rivojlanishga erishish maqsadida kelgusi yilda Oʻzbekistonda ShHTga aʼzo davlatlar mintaqalari oʻrtasida ishbilarmonlar haftaligi, maxsus iqtisodiy hududlar rahbarlarining uchrashuvi, ShHT yirik savdo yarmarkasi, Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya va birinchi ShHT transport forumi kabi qator muhim tadbirlarni oʻtkazishni taklif qildi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Prezidenti oʻzgaruvchan voqelik sharoitida amaliy hamkorlikning samarali modellarini shakllantirishga qaratilgan ShHTning yangi iqtisodiy muloqotini boshlash tashabbusini ilgari surdi.
Bu takliflar O‘zbekiston iqtisodiyot, transport kommunikatsiyalari, energiya ta’minoti va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan global iqtisodiy zarbalarni yumshatish bo‘yicha amaliy ahamiyatli chora-tadbirlar va yondashuvlar ishlab chiqish tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Hurmatli do'stlar,
O‘zbekiston Respublikasining ShHT platformalaridagi tashabbuslari doimo uning salohiyati va xalqaro nufuzini oshirish va yuksaltirishga xizmat qilib kelgan.
Samarqand sammiti mamlakatimizning ushbu strategik yo‘nalishga qat`iyligini yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Xavfsizlik va farovonlik yo‘lidagi Samarqand birdamligi tashabbusi”ning ilgari surilishi yetakchilar uchrashuvining muhim voqealaridan biri bo‘ldi.
Sammit ishtirokchilari tinchlik va barqarorlikni, keng xalqaro hamkorlikni taʼminlash, insoniyatning barqaror rivojlanishiga koʻmaklashishga qaratilgan ushbu tashabbusni bir ovozdan maʼqulladi.
Ishonchim komilki, ushbu tashabbusning o‘z vaqtida amalga oshirilishi ShHTning keng Yevroosiyo makonida tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlariga zarur qo‘shimcha bo‘ladi.
Aziz do'stlar,
Nutqim so‘ngida shuni ta’kidlamoqchimanki, Samarqand sammiti dunyoda ishonch va o‘zaro hamjihatlik yetishmayotgan bir sharoitda ochiq va konstruktiv muloqotni davom ettirish hamda ShHTning mintaqaviy xavfsizlik va barqaror iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish maqsadida barcha davlatlar va xalqaro birlashmalar bilan hamkorlik qilish uchun ochiq bo’lishining muhimligini yana bir bor tasdiqladi.
Anjumanning barcha ishtirokchilari muvaffaqiyat tilayman.
E'tiboringiz uchun tashakkur.