O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norovning Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida UzReport telekanali muxbirining savoliga javobi
Savol:
Tashqi ishlar vaziri janob Norovga savol.
Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti yakunlari haqida batafsil to‘xtalib o‘tdingiz.
Tashkilot nufuzi va rolini oshiruvchi, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiluvchi tarixiy qarorlar qabul qilinganini ta’kidladingiz.
Shu munosabat bilan ayni vaqtda ekspert doiralari tomonidan qizg‘in muhokama qilinayotgan savolni bermoqchiman.
Bugun Shimoliy Kiprning Tashkilotga kuzatuvchi davlat sifatida qabul qilinishi haqida alohida qaror imzolandimi?
Agar shunday bo'lsa, bu Shimoliy Kiprning mustaqil davlat sifatida tan olishni anglatadimi?
Rahmat.
Javob:
Savol uchun rahmat. Avvalo, shu masalaga oydinlik kiritmoqchiman.
Birinchidan, sammit natijalariga ko‘ra Shimoliy Kipr bo‘yicha alohida qaror imzolanmadi.
Ikkinchidan, O‘zbekiston xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyil va normalariga, ayniqsa, davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilish masalalarida qat’iy amal qilayotganini alohida ta’kidlamoqchiman.
Shu munosabat bilan Shimoliy Kiprni mustaqil davlat sifatida tan olish haqida gap bo‘lishi mumkin emas.
Uchinchidan, eslatib o‘tamiz, Shimoliy Kipr allaqachon Islom hamkorlik tashkiloti va Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tashkilotlarda kuzatuvchi maqomiga ega.
Bundan tashqari, Shimoliy Kipr qariyb 30 yildan beri Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti (TURKSOY) faoliyatida kuzatuvchi sifatida ishtirok etib kelmoqda.
Va bugun hech kim bu haqda savol bermaydi.
Kipr turklarining Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlardagi qardosh xalqlar bilan yaqinroq hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligi tabiiy jarayondir.
Bundan tashqari, bu masalalarning barchasi faqat Tashkilotning huquqiy hujjatlari va mamlakatlarimiz qonunchiligi bilan tartibga solinadi.