Oʻzbekiston Prezidenti Tojikiston Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 30-dekabr kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbarlari yangi – 2020-yil kirib kelayotgani munosabati bilan bir-birlarini samimiy tabrikladilar.
Joriy yil koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik aloqalari yanada rivojlangan va mustahkamlangan davr sifatida ikki tomonlama munosabatlar tarixida qolishi taʼkidlandi.
Hukumatlar, parlamentlar va hududlar, jumladan, Toshkent va Dushanbe shaharlari oʻrtasidagi hamkorlik kengayib bormoqda. Oʻzaro savdo hajmi salmoqli darajada oshmoqda, iqtisodiyot tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamlanmoqda.
Suhbat chogʻida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Joriy yil noyabr oyida poytaxtimizda oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari ikkinchi Maslahat uchrashuvining natijalari muhim ahamiyatga ega ekanligi alohida taʼkidlandi.
OʻzA