Oʻzbekiston va Rossiya Prezidentlari telefon orqali soʻzlashdilar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yilning 12-fevral kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbatda davlat rahbarlari koʻp qirrali Oʻzbekiston-Rossiya hamkorligi jadal rivojlanib borayotgani hamda strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
2019-yilda oʻzaro hamkorlikda salmoqli amaliy natijalarga erishilgani va barcha darajalardagi muloqotlar sezilarli faollashgani alohida qayd etildi.
Xususan, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi yuqori surʼatlar bilan barqaror oshib bormoqda. Bir yilning oʻzida 500 qoʻshma korxona tashkil etildi, Rossiyaning yetakchi kompaniya va baknlari ishtirokida iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida ustuvor investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Taʼlim va madaniy-gumanitar sohalardagi almashinuvlar kengaymoqda.
Muloqot chogʻida oliy darajadagi tadbirlar rejasi muhokama qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi kun tartibini tayyorlash, jumladan, tashrif doirasida navbatdagi hududlar va rektororlar anjumanlarini, media-forum va boshqa tadbirlarni oʻtkazishga alohida eʼtibor qaratildi.
Mamlakatimizning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga raisligi yilida Oʻzbekiston va Rossiya hamkorligining istiqbollari koʻrib chiqildi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
O'zA