Qurilish va ijtimoiy sohalarda amalga oshiriladigan loyihalar haqida maʼlumot berildi
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-20-fevral kunlari tashrif bilan Turkiyada boʻldi.
Davlatimiz rahbari Turkiyaga amalga oshirilgan samarali va sermahsul tashrifning ertasigayoq oʻz ish kunini har doimgidek qizgʻin faoliyat bilan boshladi. 2020-yil 21-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev joriy yil Toshkent shahrida amalga oshiriladigan qurilish va ijtimoiy loyihalar bilan tanishdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan aholiga munosib turmush sharoiti yaratish, odamlarning hayotdan roziligiga erishish, tibbiy xizmat va taʼlim sifatini oshirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
2020-yilda Toshkentda keng koʻlamli bunyodkorlik loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Xususan, Bektemir tumanining “Majnuntol”, “Bektemir”, “Oltin topgan”, “Binokor” mahallalari, Husayn Boyqaro, Ziroat koʻchalari boʻylab umumiy uzunligi qariyb 18 ming pogon metr yangi ichimlik suvi quvurlari oʻrnatilishi moʻljallangan. Buning natijasida 6,8 mingdan ortiq aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanadi, poytaxt boʻylab markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 100 foizga yetkaziladi.
Toshkent shahridagi “Boʻzsu” va “Salar” suv tozalash inshootlarini quvvatini sutkasiga 200 ming metr kubga oshirish rejalashtirilgan.
Toshkent shahrida bugungi kunda 1564 koʻp qavatli uylarda aholiga 5001 ta lift xizmat koʻrsatmoqda. Mavjud liftlarning 3343 tasi muddatini oʻtab boʻlgan. Oxirgi 4 yilda 572 ta lift yangilandi.
Prezidentimizning Uchtepa tumaniga tashrifi davomida bergan topshiriqlariga muvofiq 697 ta liftni yangilash koʻzda tutilgan. Yiliga 700 tadan lift yangilansa, yaqin 5 yilda poytaxtdagi muddatini oʻtab boʻlgan liftlarning barchasini almashtirishga erishiladi.
Joriy yilda Bektemir, Olmazor, Shayxontohur, Yashnobod tumanlarida yangi maktabgacha taʼlim muassasalari qurish koʻzda tutilgan. Shuningdek, Bektemir va Yashnobod tumanlarida maktab, Sergeli tumanida koʻp tarmoqli shifoxona, Chilonzor va Yashnobod tumanlarida oilaviy poliklinika, Sergeli va Olmazor tumanlarida yangi madaniyat markazlari qurilishi belgilangan. Umumiy hisobda 1,047 ming kvadrat metr yoʻl taʼmirlanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga ana shu loyihalar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Davlatimiz rahbari loyihalarning samaradorligi va ijtimoiy ahamiyatiga alohida eʼtibor qaratdi. Ularning belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
O'zA