Kimyo sanoatidagi asosiy vazifalar koʻrsatib oʻtildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 24-fevral kuni kimyo sanoatini isloh qilish boʻyicha istiqbolli rejalar hamda joriy yilda amalga oshiriladigan asosiy vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.
Soʻnggi yillarda sohani modernizatsiya qilish, moliyaviy-iqtisodiy sogʻlomlashtirish va yuqori qoʻshilgan qiymatli kimyoviy mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish boʻyicha koʻplab chora-tadbirlar amalga oshirildi. Tarmoq korxonalarining rentabelligini koʻtarish maqsadida bozor mexanizmlari joriy etilib, narxni shakllantirish tartibi butunlay qayta koʻrib chiqildi. Natijada kimyo tarmogʻi oʻtgan yilni 2018-yilga nisbatan 2,3 barobar koʻp foyda bilan yakunladi.
“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi ishga tushirildi. Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksida sintetik suyuq yoqilgʻi, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida azot kislotasi, ammiak va karbamid ishlab chiqarish zavodlari qurilmoqda.
Davlatimiz rahbari shu yil yanvar oyida parlamentga yoʻllagan Murojaatnomada va Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisida kimyo sohasiga alohida eʼtibor qaratib, hukumat oldiga uni modernizatsiya qilish, ilm-fan va innovatsiyalarni keng joriy etish boʻyicha qator vazifalar qoʻygan edi.
Bu bejiz emas. Chunki mazkur tarmoqda muammolar, hali foydalanilmayotgan imkoniyatlar koʻp. Jumladan, yurtimizda ishlab chiqarish mumkin boʻlgan, murakkab tarkibga ega boʻlmagan kimyo mahsulotlari chetdan olib kelinmoqda. Eksport strukturasi diversifikatsiya qilinmagan, bunda hanuzgacha mineral oʻgʻitlar ulushi juda katta. Ishlatilayotgan uskunalar 60 foiz eskirgan, energiya sarfi meʼyordan 2-3 baravar ortiq.
Yigʻilishda sohani isloh qilish, korxonalar samaradorligi va salohiyatini oshirish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Tarmoqdagi har bir korxona faoliyatini tanqidiy tahlil qilib, mahsulotlar sifatini oshirish, energiya sarfini kamaytirish hisobiga tannarxni pasaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi. “Raqamli texnologiyalar”ni qoʻllash, inson hayoti uchun xavfli jarayonlarda avtomatizatsiya darajasini koʻtarish muhimligi qayd etildi.
Kimyo sohasida yangi yoʻnalishlarini rivojlantirish, bunga xorijiy investorlarni keng jalb qilish zarurligi taʼkidlandi.
Toʻqimachilik, qurilish materiallari, avtomobilsozlik, isteʼmol tovarlari, oziq-ovqat va farmatsevtika uchun zarur xomashyo ishlab chiqarish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida polivinilxlorid ishlab chiqarishni tez muddatda loyiha quvvatiga olib chiqish hamda ikkinchi bosqichini loyihalashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
“Fargʻonaazot” aksiyadorlik jamiyati, Qoʻngʻirot soda zavodi va Dehqonobod kaliyli oʻgʻitlar zavodida davlat ulushini investorlarga sotish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.
Kichik tonnajli kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, shu maqsadda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida boʻsh turgan maydonlar negizida ixtisoslashgan kichik sanoat zonasi tashkil qilish zarurligi qayd etildi.
Maʼlumki, joriy yil mamlakatimizda Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb eʼlon qilinib, har yili ilm-fanning bir nechta ustuvor yoʻnalishini rivojlantirish belgilab olindi. Taraqqiyotimizning hozirgi bosqichidagi muhim yoʻnalishlardan biri esa kimyo sohasidir.
Shu bois bugungi yigʻilishda ushbu tarmoqda taʼlim va ilm-fanni takomillashtirish, zamonaviy kadrlar tayyorlash juda muhimligi taʼkidlandi. Ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi aloqani mustahkamlash, buning uchun tadqiqotlarning soha korxonalari ehtiyojiga hamohangligini taʼminlash zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Janubiy Koreya bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etish, Toshkent kimyo texnologiya institutida mutaxassisliklar va oʻquv dasturlarini takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Mutasaddilar yigʻilishda muhokama qilingan masalalar va sohadagi istiqbolli rejalar yuzasidan axborot berdi.
OʻzA