O‘zbekiston Prezidenti "LUKOYL" kompaniyasi rahbarini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yilning 5-mart kuni Rossiyaning «LUKOYL» kompaniyasi prezidenti Vagit Alekperovni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, jahonning yetakchi energetik korporatsiyalaridan biri va O‘zbekiston neft-gaz kompleksining muhim investori - "LUKOYL" bilan strategik sheriklikda sezilarli rivojlanishga erishilganini alohida ta’kidladi.
Bugungi kunda kompaniyaning qo‘shma loyihalarga kiritgan sarmoyalari hajmi 10 milliard dollar atrofida. Yiliga 8 milliard kub metrdan ziyod tabiiy gazni qayta ishlash quvvatiga ega Qandim gazni qayta ishlash majmuasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Janubi-G‘arbiy Hisor va Ustyurtdagi konlarni o‘zlashtirish davom etyapti. Bundan tashqari, "LUKOYL" mamlakatimizdagi ijtimoiy dasturlarni faol qo‘llab-quvvatlamoqda.
Uchrashuvda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Kompaniyaning korporativ boshqaruv va neft-gaz tarmog‘ida raqamli texnologiyalarga o‘tish borasidagi tajribasi va ilg‘or yechimlarini jalb etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston hududida geologiya-qidiruv sohasida hamda uglevodorod konlarini, shu jumladan, qazib olinishi qiyin bo‘lganlarini o‘zlashtirish borasida kooperatsiyani mustahkamlash imkoniyatlari muhokama qilindi.
Ilmiy izlanishlar hamda energetika sektori uchun yuqori malakali kadrlarni tayyorlash sohasida hamkorlik qilish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab olindi.
O'zA