Koreya Respublikasidagi "Hanshin" universiteti til kurslarida tahsil olgan talabalar bilan bog'liq holat yuzasidan
O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi Elchixonasining Janubiy Koreya hududidan chiqarib yuborilgan O‘zbekistonlik talabalar bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan
MА’LUMOTI
Shu kunlarda ayrim ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarida Hanshin universitetining til kursida tahsil olayotgan O‘zbekistonlik talabalarning Koreya Respublikasi hududidan chiqarib yuborilgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi diplomatik vakolatxonasi vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida universitet rahbariyati bilan bog‘landi.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonlik talabalar joriy yil sentabr oyidan boshlab til kursida o‘qishni boshlagan. Talabalar o‘qishni boshlash arafasida universitet rahbariyati tomonidan ularga tushuntirish ishlari olib borilib, mazkur oliy ta’lim muassasasida o‘qish va yotoqxonasida istiqomat qilish bilan bog‘liq tartib qoidalar tushuntirilgan. Bundan tashqari, talabalar Janubiy Koreyada bo‘lish qonun-qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqirilgan.
Shunga qaramasdan, o‘qish boshlanishi bilan O‘zbekistonlik talabalar orasida universitet ichki tartib-qoidalariga amal qilmaslik, Koreya Respublikasi immigratsiya qoidalariga muvofiq universitet tomonidan so‘ralgan hujjatlarni taqdim etmaslik, ruxsatsiz va noqonuniy mehnat faoliyatini yuritish va buning oqibatida darslarga qatnashmaslik hollari keskin ko‘paygan.
Ushbu holatni oldini olish maqsadida universitet ma’muriyati talabi bo‘yicha talabalarga nisbatan intizomiy chora ko‘rilgan va barcha talabalardan 2023 yil 8 noyabr kuni ushbu ta’lim maskani qoidalariga amal qilish bo‘yicha majburiyat xati olingan.
Universitet ma’muriyati talaba yurtdoshlarimizga Koreya Respublikasida yashash qonun-qoidalarini va oliy ta’lim muassasasi ichki tartibini buzmasliklari, bunday holat yana takrorlansa, talabalarga nisbatan qat’iy chora ko‘rilishi haqida ogohlantirilgan.
Lekin ko‘rilgan choralarga qaramasdan, talabalar tomonidan qoidalarni buzish holatlari davom etavergan.
Xususan, universitetda tahsil olayotgan 8 nafar talaba 2023 yil 14 noyabr kuni noqonuniy ravishda ishlab, ishdan qaytayotgan vaqtda avtomashinada avtohalokatga uchragan. Oqibatda ushbu hodisa Koreya matbuoti va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.
Аvtohalokat natijasida jabr ko‘rgan talabalarning tibbiy sug‘urtasi bo‘lmasligiga qaramasdan, ularning tibbiy ko‘rigi va muolajalari uchun kerak bo‘lgan barcha xarajatlar universitet hisobidan qoplagan.
Koreyada yashash huquqini beruvchi hujjat (ID karta) olishga ulgurmasdan bu kabi noqonuniy hatti-harakatlarni amalga oshirgani uchun Pyongtek shahar Immigratsiya xizmati taqdimnomasiga ko‘ra universitet rahbariyati talabalarni universitetdan chetlatish bo‘yicha qaror qabul qilgan.
Natijada joriy yilning 27 noyabr kuni 22 nafar O‘zbekistonlik talaba Koreya Respublikasi hududidan chiqarib yuborilgan.
O‘zbekistonlik talabalar tomonidan amalga oshirilgan bunday hatti-harakatlar Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Elchixonasi tomonidan O‘zbekiston fuqarolariga viza berish tartibini murakkablashtirb, o‘zbekistonlik talabalarning Koreya oily ta’lim muassasalariga o’qishga qabul qilish jarayonini qiyinlashtirishi mumkin.
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi Elchixonasi O‘zbekistonlik talabalarning Hanshin universiteti tomonidan majburan chiqarib yuborilganligi holatining qonuniyligini aniqlash borasida Koreya huquq-tartibot idoralari bilan muzokaralar olib bormoqda.
Shu o‘rinda, O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi Elchixonasi yana bir bor ushbu mamlakat hududida tahsil olayotgan, ish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan, vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolarimizga murojaat qilib, Koreya Respublikasida bo‘lish qonun-qoidalariga qat’iy rioya qilishga, noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanmaslikka, hujjatsiz avtomobil vositalarini boshqarishdan saqlanishga chaqiradi.