O‘ZBEKISTON GILOSI JANUBIY KOREYA BOZORLARINI ZABT ETMOQDA
SEUL, 23 may. /«Dunyo» AA/. Bugun «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasining charter reysi bilan Janubiy Koreyaning Inchon shahriga mamlakatimizda yetishtirilgan 17,8 tonna miqdoridagi gilosning navbatdagi partiyasi yetkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
«Gold Dried Fruits Export» kompaniyasi tomonidan Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida tashkil etilgan yuk Janubiy Koreyadagi hamkor - «NK GlobalNet Co., Ltd.» kompaniyasiga yetkazildi. O‘zbek giloslari Janubiy Koreyada ulgurji va chakana savdo tarmoqlari orqali tarqatiladi.
O‘zbek gilosining dastlabki jo‘natmasi Koreya Respublikasiga joriy yil 15 may kuni olib borilgan edi.
Shu o‘rinda 2020 yil Koreya Respublikasining karantin hamda hayvon va o‘simliklar inspeksiyasi agentligi O‘zbekistonning «Gold Dried Fruits Export» (Toshkent shahri) kompaniyasi, «Uz-Segang» qo‘shma korxona (Farg‘ona viloyati), «Brand Investment Group Agro» MChJ (Andijon viloyati), «Pure Fruit Trade» MChJ (Namangan viloyati), «Namangan Agro Logistics» MChJ (Namangan viloyati) va «Samarkand Garden Plast» MChJ (Samarqand viloyati) kabi 6 ta kompaniyasiga Janubiy Koreya bozoriga yangi uzilgan gilos yetkazib berishga ruxsat berganini ta’kidlash joiz.
Mamlakatimizning Seuldagi diplomatik missiyasi mamlakatimizda yetishtirilgan va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Janubiy Koreya bozoriga eksport qilish bo‘yicha tizimli ishlarni faol davom ettirmoqda.