JANUBIY KOREYADAN O‘ZBEKISTONGA NAVBATDAGI INSONPARVARLIK YUKI YUBORILDI
SEUL, 23 may. /«Dunyo» AA/. Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish, shuningdek, mamlakatimizda Covid-9ning tarqalishini oldini olish doirasida amalga oshirilayotgan xalqaro hamkorlik doirasida O‘zbekiston Respublikasining Seuldagi elchixonasi tomonidan Koreya Respublikasidan umumiy og‘irligi qariyb 2 tonna bo‘lgan navbatdagi insonparvarlik yordami jo‘natildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
20 dona yarim avtomatik mexanizmli va ko‘p funksiyali tibbiy krovatdan iborat yuk Janubiy Koreyaning «Suwan TPL» kompaniyasi ko‘magida uyushtirildi va bugun «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasining charter reysi bilan O‘zbekistonga jo‘natildi.
Mamlakatimizning Seuldagi diplomatik missiyasi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ehtiyojlari uchun, avvalambor, yuqori texnologiyali asbob-uskunalar (ko‘chma rentgen qurilmalar, shprits nasoslar va boshqa tibbiy anjomlar)dan iborat bo‘lgan insonparvarlik yordamini jalb etish borasida faol ish olib bormoqda.
135 ming dollardan ortiq miqdordagi umumiy og‘irligi qariyb 17 tonna bo‘lgan insonparvarlik yordamining qolgan qismi navbatdagi charter reysi bilan O‘zbekistonga yetkaziladi.
Janubiy Koreyadan jo‘natilgan insonparvarlik yuki Toshkentga bugun yetib kelishi kutilmoqda.