OLMALIQ KON-METALLURGIYA KOMBINATIDA MIS VA OLTIN ISHLAB CHIQARISH HAJMI 3 BARAVARGA OSHIRILADI
TOSHKENT, 27 may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 26 may kuni investitsiya masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ijtimoiy soha va infratuzilma obyektlari masalasiga alohida eʼtibor qaratildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Yig‘ilishda ijtimoiy soha va infratuzilma obyektlari qurish bo‘yicha hozirgi kunda Samarqand viloyatida 38 ta, Toshkent viloyatida 89 ta, Xorazm viloyatida 41 ta loyiha orqada qolayotgani tanqid qilindi.
26 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, metallurgiya komplekslari va 2 ta mis boyitish fabrikasi barpo etish orqali mis va oltin ishlab chiqarish hajmi 3 baravarga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Joriy yilgi vaziyatni inobatga olib, kechiktirish mumkin bo‘lgan qurilishlar uchun ajratilgan 450 milliard so‘m Investitsiya dasturidan chiqarilgan edi. Bu mablag‘ning 150 milliard so‘mi 40 ming gektar yerni o‘zlashtirib, 80 mingta doimiy ish o‘rni yaratishga yo‘naltirildi.
– Har bir loyihani amalga oshirishdan oldin ushbu obyekt hudud rivojiga hamohangmi, bundan aholiga naf bormi, qancha odam ish bilan taʼminlanadi, degan savollarga javob topish shart, – dedi davlatimiz rahbari.
Kelgusi yildan boshlab byudjet mablag‘lari hisobidan yirik obyektlarni loyihalashdan tortib, ularni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar xalqaro meʼyorlar asosida amalga oshirilishi belgilandi. Shuningdek, loyihalashga mablag‘ ajratish bo‘yicha qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinadi.
Qurilish vazirligi loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, qurish, ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etadi.