O‘ZBEKISTONGA OID XORIJDAGI MADANIY BOYLIKLARNI TADQIQ ETISH MARKAZI MADANIYAT VAZIRLIGI TIZIMIGA O‘TKAZILDI
TOSHKENT, 27 may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorini imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Qarorda madaniyat va sanʼat sohasini yana-da rivojlantirish maqsadida belgilangan qator vazifalar tizim taraqqiyotini taʼminlash bilan bir qatorda jamiyat madaniy hayotining ravnaq topishiga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Jumladan, mazkur qaror bilan vazirlik tizimiga quyidagi o‘zgarishlar kiritildi:
- «Axborot va kompyuter texnologiyalari markazi» davlat muassasasini «Yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va axborot multimedia markazi» davlat muassasasi etib qayta nomlash;
- Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti va uning barcha hududiy boshqarmalari tuzilmasida tegishlicha yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Badiiy ekspertiza boshqarmasi hamda badiiy ekspertiza bo‘limlari tashkil etish;
- “Guliston”, “Teatr”, «Moziydan sado» jurnallari tahririyatlarini yagona tahririyatga birlashtirish;
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazini to‘liq hajmda Madaniyat vazirligi tizimiga o‘tkazish va boshqalar.
Mazkur hujjat tizimda mavjud muammolarni bartaraf etish, keng jamoatchilikni madaniyat maskanlariga izchil jalb qilish, aholiga xizmat ko‘rsatishda qulay shart-sharoitlar yaratish, faoliyatda zamonaviy texnologiyalar qo‘llash va soha xodimlarini rag‘batlantirishni oshirish vazifalarini hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
— Davlatimiz rahbari tomonidan madaniyat va sanʼat sohasida qabul qilingan farmon va mazkur qaror tizim xodimlari tomonidan iliq qarshi olindi, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi axborot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva. — Vazirlik faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha belgilangan vazifalar madaniy merosimizni asrab-avaylash va xalqimizning maʼnaviy merosini xalqaro hamjamiyatda targ‘ib etishimizda dasturil amal bo‘lib xizmat qiladi. Qarorda vazirlikning Madaniy meros departamenti tuzilmasini qayta tashkil etish belgilandi. Ushbu departament faoliyatini tubdan isloh qilish borasidagi chora-tadbirlar ajdodlardan meros qolgan bebaho boyliklarimizni asrab-avaylash, uni o‘sib-ulg‘ayib kelayotgan yosh avlod tarbiyasiga taʼsirini oshirish, xalqning milliy g‘ururini yuksalishiga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Bundan tashqari, yosh isteʼdodlarni izlab topish, o‘qitish va qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan o‘zgartirish masalalari vazirlikning asosiy yo‘nalishi etib ko‘rsatildi.