USAIDNING «POWER THE FUTURE» MINTAQAVIY DASTURI QAYTA TIKLANUVCHI ENERGIYA JORIY ETISHDA KO‘MAKLASHADI
TOSHKENT, 26 may. /“Dunyo” AA/. Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan energetika yo‘nalishida ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish maqsadida Amerikaning USAID agentligining «Power the Future» mintaqaviy dasturi bilan hamkorlikda onlayn-trening tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri vazirlik manbasiga asoslanib.
Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston energetika vazirliklari, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ va “Energiya” muvofiqlashtirish-dispetcherlik markazi mutaxassislari qatnashdi.
Veb-treningda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining respublika energetika tizimiga taʼsirini tahlil qilish, prognozlash va rejalashtirish maqsadida qo‘llaniladigan eng zamonaviy PLEXOS dasturiy taʼminotida ishlash ko‘nikmalari muhokama qilindi.
Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining jadal rivojlanishi, shu jumladan o‘zgaruvchan quyosh va shamol energiyasining katta quvvatlari ishga tushirilishi rejalashtirilganligi munosabati bilan o‘zgaruvchan energiya manbalarining respublika energiya tizimiga taʼsirini o‘rganish juda muhim hisoblanadi.
Ayni paytda Innovatsion rivojlanish vazirligi USAID agentligining grantlari hisobiga ushbu tadqiqotlarni amalga oshirmoqda.