AQSH XALQARO TARAQQIYOT AGENTLIGI (USAID) MARKAZIY OSIYO MEHNAT MUHOJIRLARI UCHUN 2 MILLION DOLLAR AJRATADI
TOSHKENT, 26- may. /“Dunyo” AA/. AQSH hukumati AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali COVID-19 pandemiyasi davrida Markaziy Osiyoda muhojirlarni himoya qilish uchun 2 million dollar ajratishni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri AQSHning Toshkentdagi elchixonasi manbasiga asoslanib.
Ushbu yordam USAID tomonidan moliyalashtirilgan va «Winrock International» tomonidan amalga oshirilayotgan «Markaziy Osiyoda xavfsiz migratsiya» loyihasi doirasida taqdim etiladi. Mazkur loyihada o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini qo‘llab-quvvatlash ham o‘rin olgan.
USAID «Markaziy Osiyoda xavfsiz migratsiya» loyihasi doirasida Markaziy Osiyoning davlatlarida transchegaraviy munosabatlarda o‘zaro javobgarlikni kuchaytirish, odam savdosining oldini olish, jabrlanganlarni himoya qilish hamda NNT va xususiy sektorning samaradorligini oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi.
«COVID-19 pandemiyasi Markaziy Osiyodagi millionlab muhojirlarning gumanitar va moliyaviy inqiroziga sabab bo‘ldi. Ularning asariyati Markaziy Osiyo bo‘ylab tranzit va o‘tish joylarida qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Migrantlar, shuningdek, o‘zlarini virusdan qanday himoya qilish to‘g‘risida maʼlumot ega emas», deyiladi elchixona xabarida.