O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Vitaliy Fenning ushbu mamlakatda tahsil olayotgan, vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borayotgan hamda doimiy istiqomat qilayotgan vatandoshlarga murojaati
Аssalomu alaykum aziz Vatandoshlar!
Soʼnggi uch yarim yil ichida yurtimizda rivojlanish taraqqiyoti mutlaqo yangi istiqbolli bosqichga yuz tutdi. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan Oʼzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʼyicha 2017-2021 yillarga moʼljallangan Harakatlar strategiyasi iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni kengaytirishda muhim dasturilamal boʼlmoqda.
Bugungi kunda barcha ustuvor yoʼnalishlar boʼyicha mamlakatimizda mutlaqo yangicha siyosat asosida hayotga izchil tatbiq etilayotgan va birinchi oʼrinda xalq manfaatlarini koʼzlovchi adolatli oʼzgarishlar va yangilanishlar oʼz samarasini bermoqda. Respublikamizda tadbirkorlikni qoʼllab-quvvatlash, ishbilarmonlik muhitini yaratish borasida ham keng koʼlamli ijobiy ishlar qilinmoqda.
Davlatimiz Rahbari darajasida aynan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas albatta. Negaki, bora-bora mamlakat iqtisodiy rivojlanishida tadbirkorlik bilan shugʼullanuvchilarning hissasi yuqori boʼlib boraveradi. Bugun davlat tomonidan yaratilayotgan qulayliklar ular faoliyatini yoʼlga qoʼyish va muvaffaqiyatlarga erishish uchun katta imkoniyatdir.
Shu oʼrinda taʼkidlash joizki, Koreya Respublikasining qisqa vaqt ichida yuqori surʼatlar bilan rivojlanishiga ham kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning mamlakat iqtisodiyotidagi ulushini kengaytirishga ahamiyat berilgani sabab boʼlgan.
Tarixdan maʼlumki, 1960 yil boshlarida Koreya Respublikasida aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 80 dollarni tashkil etgan boʼlib, u dunyodagi qashshoq davlatlar qatorida boʼlgan. 1963-1970 yillar mobaynida 18 mingga yaqin koreyslar Germaniya Federativ Respublikasida turli sohalarda mexnat faoliyatini olib borishgan. Ular ish jarayonida orttirgan tajribasi va toʼplagan mablagʼlari hamda mazkur mamlakat texnologiyalarini jalb qilish hisobiga oʼz vatanida kichik korxonalar tashkil etish imkoniyatiga ega boʼlishgan.
Daslabki bosqichda Koreya eksporti eng oddiy qayta ishlash darajasida tashkil etilgan boʼlib, eksport uchun kiyim tikish maqsadida mamlakatdagi toʼquv sexlarida chet eldan keltirgan tayyor iplardan matolar tayyorlangan. Xususan yirik «Daewoo» kompaniyasining biznesi ham shu yoʼnalishda boshlanganini taʼkidlab oʼtish joyizdir.
Foydali qazilma boyliklarining mavjud emasligi hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish uchun qayta ishlanadigan xom ashyo bazasining yoʼqligidan, xatto ayollar oʼz sochlarini uzun oʼstirib, ulardan pariklar yasab chet ellarga sotishganligi alohida eʼtiborga loyiqdir. Bu esa, oʼz navbatida mamlakat aholisi kichik biznesni yaratishga rivojlanishning ilk bosqichlaridanoq moyil boʼlganliklarini namoyon qiladi.
Eksportni ragʼbatlantirish boʼyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida bugungi kunda Koreyada uning hajmi 600 milliard dollardan ortiqni va aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 32 ming dollarga yaqinni tashkil etmoqda. Qisqa tarixiy vaqt ichida Janubiy Koreyaning qanday yuksaklikka erishgani bu noyob tajriba, uni koʼpgina davlatlar oʼz taraqqiyotida qoʼllashga intilishadi.
Oʼzbekiston va Janubiy Koreyani tarixiy aloqalar, mustahkam doʼstlik, alohida strategik sheriklik va oʼzaro manfaatli hamkorlik aloqalari bogʼlab turadi. Ushbu mamlakat Oʼzbekistonning asosiy xorijiy hamkorlaridan biri sifatida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar jarayoni va eksportni oshirishga yoʼnaltirilgan keng koʼlamli dasturlarni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.
Yaqin aloqalarimiz natijasida bugun 75 mingdan ortiq vatandoshlarimiz Koreya Respublikasida turli yoʼnalishlarda tahsil olishmoqda, vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shugʼullanishmoqda yoki doimiy istiqomat qilib kelishmoqda.
Vatandan yiroqda boʼlsangizda, barchargizning oʼz salohiyatingiz bilan mamlakatimiz rivojiga sidqidildan hissa qoʼshishga tayyor ekanligingizni chin yurakdan his etib turibmiz. Hammamiz jonajon Vatanimiz ravnaqi yoʼlida bir yoqadan bosh chiqarib birlashsak, oldimizga qoʼygan har qanday yuksak marraga albatta yetishishimizga ishonaman.
Hurmatli Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan «Har bir tadbirkorga – koʼmakdosh, yelkadosh va madadkormiz!» bosh gʼoyasi zamirida ishbilarmonlarni qoʼllab-quvvatlash boʼyicha aniq vazifalar belgilab berilgan va ular asosida keng qamrovli yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. Koʼproq yangi ish oʼrinlari tashkil etish, mahalliy xom ashyo asosida mahsulot ishlab chiqarishga xorijiy texnologiyalar va investitsiyalarni jalb qilishga katta eʼtibor qaratilyapti.
Shubxasiz, yaratilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanishimiz, oʼz oilalarimiz, qolaversa butun xalqimiz kelajagi uchun qoʼyilgan katta sarmoya boʼlib xizmat qiladi.
Qadrli doʼstlar!
Ushbu murojaatim orqali Sizlarni mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, sanoat, qurilish, qishloq xoʼjaligi, ilm-fan, taʼlim va sogʼliqni saqlash, umuman olganda barcha sohalarda sezilarli siljishlar va ulkan natijalarga erishishda jannatmakon yurtimizda olib borilayotgan keng koʼlamli yangilanishlarga daxldor boʼlishga, zamonaviy bilim va tajribalaringizni mamlakatamiz rivojiga yoʼnaltirishga daʼvat etaman.
Oʼzbekistonimiz taraqqiyotiga hissa qoʼshish istagida boʼlgan barcha yurtdoshlarimizni yaqin hamkorlikka chorlagan holda, Sizlarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlashga va ragʼbatlantirishga doimo tayyor ekanligimizni maʼlum qilaman.
Shu oʼrinda, Sizlarga aniq taklif va mulohazalaringiz yuzasidan quyidagi hodimlarimiz orqali yaqindan fikr almashishingiz mumkinligini bildiramiz.
Аlisher Аbdusalomov – 010-3213-1972
Аkbarjon Turaev – 010-6659-4504
Xaydar Fayziev – 010-6802-1969
Erkin Xodjaev – 010-2674-7798
Sardorbek Аxmedov – 010-5030-5190
Аbdumannon Isanov – 010-3213-4505
Vatanparvarlik hissi joʼsh urib turgan Siz azizlar bilan boshlagan har bir ishimiz xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi, deb umid qilamiz.
Аziz Yurtdoshlar! Kelinglar, yangi tarixni birgalikda yarataylik!
Hurmat bilan,
Oʼzbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Fen Vitaliy Vasilevich