O‘ZBEKISTON RAHBARIYATINING SO‘NGGI YILLARDAGI ANIQ AMALIY QADAMLARI ISLOHOTLAR ORTGA CHEKINMASLIGINI TASDIQLAMOQDA
DUSHANBE, 28 iyun. /«Dunyo» AA/. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy strategiyasi xalqaro hamjamiyat tomonidan munosib qo‘llab-quvvatlanmoqda. Tojikiston Milliy Fanlar akademiyasining Osiyo va Yevropa mamlakatlari instituti katta ilmiy xodimi Viktor Kim “Dunyo” axborot agentligiga bergan intervyusida shunday dedi:
– Inson huquqlari sohasidagi xalqaro ekspertlar ushbu hujjatni ijobiy baholamoqda. Bu nafaqat O‘zbekiston hukumatining inson huquqlarini himoya qilish, ularga rioya qilish va hurmat qilish bo‘yicha siyosiy yo‘nalishi o‘zgarmasligini tasdiqlaydi, balki inson huquqlarining huquqiy kafolatlari va chora-tadbirlarini amalga oshirishdagi aniq qadamlarni ham belgilaydi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati qat’iy va muntazam ish yuritib, aniq amaliy qadamlar bilan zamonaviy yangi O‘zbekiston va yangi zamonaviy jamiyat barpo etishga qaratilgan islohotlar yo‘nalishi o‘zgarmasligini tasdiqlamoqda. Hukumatning ushbu muhim intilishlarida Prezident Shavkat Mirziyoyevning "Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida" gi qarori alohida o‘rin tutadi.
Milliy strategiya haqiqatan ham inqilobiy hujjatdir. Ochig‘ini aytganda, inson huquqlari bu sobiq sovet ittifoqi hududidagi barcha davlatlarning zaif nuqtasi bo‘lib, bu ularga dunyoning rivojlangan mamlakatlari hamjamiyatining teng huquqli a’zosi bo‘lishiga imkon bermayapti.
Mamlakatingizda milliy strategiya va "Yo‘l xaritasi"ning amalga oshirilishi yaqin kelajakda O‘zbekistonga MDH mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib inson huquqlari bilan bog‘liq muammolardan xalos bo‘lishga imkon beradi. O‘zbekiston uchun bu keng qamrovli iqtisodiy dasturni muvaffaqiyatli amalga oshirish va dunyoning rivojlangan mamlakatlari 50 yoki hatto 30 taligiga kirishi uchun strategik ahamiyatga ega bo‘ladi. Albatta, O‘zbekiston Prezidenti bunday strategik imkoniyatdan voz kechmaydi va yaqin kelajakda ushbu strategik maqsadga erishish uchun har qanday zamonaviy yondashuv, kuch va resurslarni ishga solishiga shubha yo‘q.