DEPUTATLAR VA DIPLOMATLAR YUNESKO BILAN HAMKORLIKNI RIVOJLANTIRISH ISTIQBOLLARINI KO‘RIB CHIQDI
JENEVA, 29 iyun. /«Dunyo» AA/. Mamlakatimizning Jeneva shahridagi doimiy vakolatxonasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi rahbari Erkin Zohidov rahbarligida o‘tgan "Madaniyat sohasini rivojlantirishning yangi bosqichi: muammolar va echimlar" mavzusidagi amaliy seminarda ishtirok etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Videokonferensaloqa shaklida tashkil qilingan tadbirda qo‘mita a’zolari, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Jamol Nosirov va vazir o‘rinbosari Kamola Oqilova, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi rektori Kamoliddin O‘rinboyev hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori Ibrohim Yo‘ldoshev, Germaniyadagi “Alba Kultur” tashkiloti rahbari Birjit Ellingxaus va boshqalar ishtirok etdi.
Seminar davomida madaniy taraqqiyot sohasida qonun va me’yoriy hujjatlarni samarali amalga oshirishda erishilgan so‘nggi natijalar, mavjud muammolar va ularni hal qilish yo‘llari batafsil ko‘rib chiqildi. Ularda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonidan kelib chiqadigan asosiy vazifalarni bajarish istiqbollari, ayniqsa, ushbu sohada kadrlar tayyorlashni takomillashtirish va milliy madaniy mahsulotni xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston bilan YuNESKO o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari haqida taqdimot o‘tkazildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va ushbu tashkilot bosh direktori Odri Azule o‘rtasida 2018-2019 yillarda bo‘lib o‘tgan muzokaralar YuNESKO bilan barcha sohalarida, ayniqsa madaniyat sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishda muhim turtki bo‘lgani ta’kidlandi.
Qonun chiqaruvchilarga doimiy vakolatxona faoliyati, YuNESKO bilan hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va kelgusidagi rejalari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Bunda O‘zbekiston madaniyatini dunyoda ommalashtirish va ushbu yo‘nalishdagi ishlarga grant mablag‘larini jalb qilishga alohida e’tibor qaratilayotgan qayd etildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston bilan YuNESKO o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va sammitlarda erishilgan kelishuvlar ijrosini kuchaytirish, shuningdek, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha "Yo‘l xaritalari" ijrosiga e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, ayrim holatlarda madaniy merosni xalqaro maydonda targ‘ib qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samarasiga putur yetkazuvchi xatti-harakatlar ham amalga oshirilmoqda. Xususan, ba’zi o‘rinlarda pudratchilar tomonidan Jahon merosi ob’ektlarida infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda qonun va xalqaro majburiyatlarga rioya qilinmasligi qayd etildi. Shu bois, uchrashuvda ushbu sohada qonunlar ijrosini nazorat qilishning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi darajasidagi mexanizmlarini kuchaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqish so‘raldi.
Qo‘mita ko‘magida mamlakatimizning YuNESKOdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan Jahon merosi ob’ektlarini saqlash bo‘yicha qonun, farmon va buyruqlarni har tomonlama tahlil qilish hamda kamchiliklarni bartaraf etish uchun ishlab chiqilgan YuNESKO grant loyihalarini amalga oshirish taklif etiladi.
Seminar davomida Doimiy vakolatxona deputatlarning kino sanoatini rivojlantirish va mamlakatda ishlab chiqarilgan madaniy mahsulotlarni ommalashtirish uchun YuNESKOning texnik yordamini jalb qilishni ko‘paytirish rejalari haqidagi savollarga javob qaytardi. Grantlar bo‘yicha aniq loyihaviy takliflarni ishlab chiqish darajasi va ijobiy natijaga erishish uchun arizalarni topshirgandan keyin YuNESKO bilan o‘zaro munosabatlarni takomillashtirish bo‘yicha Madaniyat vazirligi va uning tegishli muassasalari bilan kelishuvga erishildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zolari Doimiy vakolatxonaning mamlakat rahbariyati tomonidan qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘mita bilan yaqin ishchi aloqalarni o‘rnatish va qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi takliflarini qo‘llab-quvvatladi.