JANUBIY KOREYANING «KOICA» XALQARO HAMKORLIK AGENTLIGI BILAN HAMKORLIKNI CHUQURLASHTIRISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI
SEUL, 7 iyul. /«Dunyo» AA/. Kecha, 6 iyul kuni Seul shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari —investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Janubiy Koreya xalqaro hamkorlik agentligi «KOICA» prezidenti bilan moliya-texnikaviy hamkorlik va uni yaqin istiqbolda kengaytirish masalalarini muhokama qildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manbasiga asoslanib.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston tomoni Agentlikning O‘zbekistondagi ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tashabbuslarni amalga oshirishda qo‘shayotgan salmoqli hissasini ta’kidladi. Respublikada «KOICA» vakolatxonasi ochilganidan beri miqdori 107 million dollarga teng bo‘lgan 31 ta loyiha amalga oshirildi, Janubiy Koreyada O‘zbekiston mutaxassislari uchun 2 mingdan ortiq strajirovka o‘tashi tashkil etildi hamda sog‘liqni saqlash, ta’lim, axborot texnologiyalari, kommunal xizmatlar, qishloq va suv ho‘jaligi, energetika va transport sohalarida 500 dan ortiq ekspert-ko‘ngillilar tashrif buyurdi.
Uchrashuvda joriy hamkorlikning faol sur’atlari qayd etildi. Hozirgi vaqtda 2016 - 2020 yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik strategiyasi doirasida Respublikada 30 million AQSh dollari miqdorida 7 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shunda joriy yilning ikkinchi yarim yilligida ta’lim, sog‘liqni saqlash, suv resurslarini boshqarish va davlat boshqaruvi kabi ustuvor yo‘nalishlarda 27,5 million AQSh dollar miqdoridagi 3 ta yangi loyihani ishga tushirilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, o‘tgan yilning aprel oyida Koreya Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida ITSV va «KOICA» o‘rtasida imzolangan 2020-2022 yillarga mo‘ljallangan o‘rta muddatli Dasturni amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan izchil qo‘shma ishlar tufayli 45,5 million dollar miqdoridagi 5 ta loyiha ma’qullangan.
Muzorakaralarda ushbu yo‘nalishda rejalashtirilgan loyihalarni muvaffaqiyatli va o‘z vaqtida amalga oshirish bilan bog‘liq bir qator masalalar muhokama qilindi. Misol tariqasida joriy yilning may oyida Toshkent shahrida ochilgan Ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazi va sog‘liqni saqlash sohasidagi boshqa loyihalar muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi maqsadida Janubiy Koreya mutaxassislarini grant mablag‘lari hisobidan jalb qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Shuningdek, Janubiy Koreyaning «KOFIH» xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi bilan birga sifatli tibbiy xizmat va bemorlarning xavfsizlik tizimlari sohasida o‘quv dasturlarini tashkil qilishni nazarda tutgan 2021-2024 yillarda O‘zbekiston Tibbiyot xodimlarining malakasini har tomonlama oshirish dasturini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Agentlik tomonidan tasdiqlangan bir qator boshqa loyihalar, shu jumladan, qiymati 14 million AQSh dollariga teng «Urganch shahrida Professional ta’lim markazini va Milliy malaka tizimini yaratish», shuningdek, qiymati 5,5 million AQSh dollar bo‘lgan «Biznes-inkubatorlar tarmog‘ini yaratish va O‘zbekistonda tadbirkorlikning rivojlanishini rag‘batlantirish» kabi loyihalarni birgalikda ishlab chiqishni jadallashtirish uchun istiqbolli mexanizmlar alohida muhokama qilindi. Shunda, asosiy urg‘u nafaqat yosh mutaxassislarni professional ta’lim bilan ta’minlash, balki ularni keyinchalik ishga joylashtirish mexanizmlariga ham qaratiladi.
Shuningdek, Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasi va texnologiyalaridan foydalangan holda O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalarini jalb qilishda «KOICA»ning ko‘magi to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Umuman olganda, tomonlar hamkorlikni yanada chuqurlashtirish muhimligini ta’kidlab, alohida loyihalarni amalga oshirishdan ustuvor sohalarda barqaror tizimlarni yaratishga yo‘naltirilgan kompleks yechimlarni birgalikda amalga oshirishga bosqichma-bosqich o‘tish zarurligi haqidagi umumiy fikrga keldilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar «KOICA»ning O‘zbekiston bilan hamkorligini chuqurlashtirish bo‘yicha kelgusi qadamlarni belgilab, ushbu yo‘nalishda hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar.