KOREYA RESPUBLIKASI TASHQI ISHLAR VAZIRI BILAN IKKI TOMONLAMA SHERIKLIKNING KENG KO‘LAMLI YO‘NALISHLAR BO‘YICHA HAMKORLIKNI ISTIQBOLLARI MUHOKAMA QILINDI
SEUL, 7 iyul. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Seul shahriga tashrifi davomida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Kan Gyon Xva bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manbasiga asoslanib.
Uchrashuv chog‘ida ikki tomonlama sheriklikning keng ko‘lamli masalalari, shuningdek, ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni faollashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Ko‘p jihatdan Koreya Respublikasi Prezidentining 2019 yil aprel oyida O‘zbekistonga amalga oshirilgan tashrifi tufayli erishilgan mamlakatlararo muloqotning yuqori darajasi ta’kidlab o‘tildi. Tashrif davomida qator bitim va shartnomalar imzolandi.
Uchrashuvda, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan dunyoda koronavirus tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha eng katta muvaffaqiyatga erishgan davlatlardan biri sifatida e’tirof etilgan Koreyaning ilg‘or amaliyotini O‘zbekistonda joriy etish istiqbollari muhokama qilindi. Jumladan, pandemiyaga qarshi kurashda xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirish va muvofiqlashtirishga kelishildi.
Bundan tashqari, hukumat va vazirlar darajasida ikki tomonlama tadbirlarni tashkil etish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Xususan, O‘zbekiston va Janubiy Koreya Bosh vazirlari o‘rinbosarlarining 3- yig‘ilishi, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar va savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston- Janubiy Koreya hukumatlararo qo‘mitasining navbatdagi 10-yig‘ilishi, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokidagi biznes – forumini tashkil etish shular jumlasidandir.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra mamlakatlararo hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi va umumiy vazifalarni bajarish uchun birgalikdagi faoliyatni davom ettirish bo‘yicha har ikki tomon ham tayyorigi qayd etildi.