JANUBIY KOREYA EKSIMBANKI RAISI BILAN O‘ZBEKISTONDA LOYIHALAR PORTFELINI KENGAYTIRISH ISTIQBOLLARI MUHOKAMA QILINDI
SEUL, 8 iyul. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Seul shahriga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Janubiy Koreyaning Eksimbanki raisi Bang Mun-kyu bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manbasiga asoslanib.
Uchrashuv qo‘shma loyihalarni amalga oshirish sur’atlariga hamda O‘zbekistonda Eksimbankning loyihalar portfelini kengaytirish istiqbollari muhokamasiga bag‘ishlandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda mazkur bank mablag‘lari hisobiga umumiy qiymati 2,1 milliard dollarlik 17 ta qo‘shma loyiha amalga oshirildi. Shu bilan birga loyihalar moliyalashtirishning jadal o‘sishi asosan 2017-2020 yillarda kuzatilmoqda.
Bank rahbariyati joriy epidemiologik vaziyatning jahon iqtisodiyotiga ta’siriga qaramasdan, O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish sur’atlariga iqtisodiy omillarining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini ma’lum qildi.
Ishchan ruhda kechgan muloqotda keng doiradagi masala va takliflar o‘rganildi. Tomonlar 2019 yilda Bank tomonidan ma’qullangan qator loyihalar uchun qarz shartnomalarini imzolashni tezlashtirishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri, kattalar uchun ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, saraton klinikasi, tibbiy yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasasi va kimyoviy texnologiyalar markazini tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha qurilish ishlarini boshlash uchun texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlash, maslahatchilar va pudratchilarni tanlash jarayonini tezlashtirishga kelishildi.
Shuningdek, Janubiy Koreya tomoni O‘zbekiston bilan moliyaviy-texnik hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Janubiy Koreya Eksimbanki qoshidagi «EDCF» jamg‘armasi birgalikda 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqishni boshlash va imtiyozli moliyalashtirish dasturini 500 milliondan 1 milliard dollargacha oshirishga kelishib olindi.
Janubiy Koreyaning Eksimbankini O‘zbekistondagi infratuzilma loyihalari, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarni moliyalashtirishga jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. O‘z navbatida, Koreya Respublikasi tomoni taqdim etilgan loyihaviy takliflarni o‘rganib chiqishini tasdiqladi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shma jamg‘arma tashkil etish muhokama qilinib, uning konsepsiyasini yaqin kelajakda ishlab chiqishga kelishildi.
Shuningdek, bank rahbariyati har ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokidagi loyihalarni moliyalashtirish hajmini oshirish uchun qo‘shimcha kredit liniyalari ajratish orqali O‘zbekiston tijorat banklari bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollarini ko‘rib chiqadi.
Uchrashuv natijasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muhokama etilgan yo‘nalishlar doirasida ustuvor vazifalar belgilab olindi.