JANUBIY KOREYA MILLIY ASSAMBLEYASI SPIKERI O‘RINBOSARI BILAN UCHRASHUV BO‘LIB O‘TDI
SEUL, 8 iyul. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Seulga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi spikeri o‘rinbosari Kim Sang Xi bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manbasiga asoslanib.
Muloqot chog‘ida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sheriklikni nazarda tutgan holda parlament diplomatiyasini izchil kengaytirish va O‘zbekiston bilan Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni jadal rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro chora-tadbirlar ko‘rish muhimligi qayd etildi. Har ikki mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi o‘zaro hamkorlikning strategik ahamiyati ta’kidlandi.
Shu nuqtai nazardan har ikki mamlakat parlamentlarida tashkil etilgan do‘stlik, hamkorlik uyushma va guruhlarining alohida muvofiqlashtiruvchi roli ham qayd etildi.
Birgalikda yangi tashabbus va loyihalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston hukumati nomidan Janubiy Koreya bilan savdo, investitsiya, moliya, ta’lim, ilm-fan, tibbiyot sohalaridagi hamkorlik ko‘lamini yanada oshirishga qiziqish bildirildi. Shu nuqtai nazardan, Janubiy Koreya tomoni O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi tashabbusi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi. Shuningdek, bu jarayon O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish dinamikasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ham ta’kidlandi.
Ijro etuvchi hokimiyat faoliyati ustidan parlament nazoratini mustahkamlashni ta’minlovchi shuningdek, davlatning biznes va investorlar bilan munosabatlarini tartibga soluvchi ilg‘or qonunchilik mexanizmlaridan foydalanish maqsadida Janubiy Koreya huquqshunoslik tajribasini yaqindan o‘rganishga kelishib olindi.
Istiqbolli loyihalarni samarali amalga oshirish, shuningdek, o‘zaro hamkorlik shakllari va mexanizmlarini yanada takomillashtirish maqsadida har ikki mamlakat parlamentlari va hukumatlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.